17:48 / 14.09.2021
36620
O‘zbekiston Afg‘onistonga gumanitar yordam yubordi

O‘zbekiston Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklardan iborat bo‘lgan 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yordami jo‘natdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

O‘zbekiston hukumati Balx viloyatining shimolidagi Hayraton chegara o‘tkazish punkti orqali Afg‘onistonga katta miqdorda gumanitar yordam jo‘natdi. Bu haqda Ariana News ma'lumot bermoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklardan iborat bo‘lgan 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yordami afg‘on rasmiylariga topshirilgan.

O‘zbekiston TIV ma'lumot berishicha, marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid butun afg‘on xalqi nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bugungi sinovli davrda mamlakatga ko‘rsatayotgan yuksak e'tibori, qo‘llab-quvvatlashi va birdamligi uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.

 

Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamzaning so‘zlariga ko‘ra, bu yordam aslida Afg‘onistonga pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga, shuningdek, mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.

Gumanitar yordam butun mamlakat bo‘ylab muhtoj afg‘onlarga tarqatilishi ko‘zda tutilgan.

Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati gumanitar yordam yuborish jarayonidan suratlarni e'lon qildi.

Avvalroq Reuters agentligi xorijiy moliyaviy yordamning to‘xtatilishi, valuta hisoblarining muzlatilishi ortidan Afg‘onistonda naqd pul yetishmasligi tufayli oziq-ovqat mahsulotlari va yonilg‘i narxi kun sayin oshayotgani haqida xabar qilgandi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top