23:19 / 16.09.2021
5822

Jahon banki Doing Business reytingini e'lon qilishni to‘xtatdi  

Jahon banki turli davlatlarda biznes yuritish sharoitlarini baholovchi Doing Business reytingini e'lon qilishni to‘xtatishini ma'lum qildi. 

Foto: Andrew Harnik / AP

“Bank rahbariyati Doing Business hisobotini e'lon qilishni to‘xtatishga qaror qildi. Kelgusida ishbilarmonlik va investitsion muhitni baholashga yangicha yondashamiz”, deb aytilgan bank xabarida.

Jahon bankida ta'kidlanishicha, ushbu qaror 2020 yil iyunda avvalgi reytinglarni tayyorlashda yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgani sababli qabul qilingan. Bank o‘tgan yil avgustda navbatdagi reytingini e'lon qilishni xatolar tufayli to‘xtatgan. “Biz olingan natijalar asosida harakat qilamiz va xatolar tufayli eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlar ma'lumotlariga to‘g‘rilashlar kiritamiz”, deb aytilgan bankda.

Shundan keyin oxirgi beshta hisobot tahlil qilingan. Uning natijasida Doing Business -2018 va Doing Business-2020 hisobotlarida ma'lumotlar o‘zgarishiga taalluqli bir qator qoidabuzarliklar aniqlangan.

Reytingda 190 ta davlatda biznes ochishning soddaligi, soliqlar to‘lanishi, qurilishga ruxsat olish, elektr tarmoqlariga ulanish, xalqaro savdo, kreditlashni jalb qilish, bankrotlik jarayonini tartibga solish va boshqa mezonlar bo‘yicha biznes-muhit baholangan.

Oxirgi e'lon qilingan Doing Business 2020 reytingida O‘zbekiston 69-o‘rinni egallagandi.

Top