16:42 / 17.09.2021
10219
O‘zbekistonda avtomobil sotib olish ko‘rsatkichi pandemiya davriga nisbatan sezilarli pasaydi

Avgustda iyulga nisbatan avtomobilga bo‘lgan talab o‘sganiga qaramay, pandemiya davriga nisbatan keskin kamaydi. Talab pasayishi 18,6 foizga yetdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, avgust oyida respublikada avtomobillar oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlar soni sezilarli darajada oshib iyul oyiga nisbatan o‘sish 21,4 foizni tashkil etdi.

Biroq ichki bozorda bo‘lgan talab miqdori 2020 yil avgust oyi bilan taqqoslaganda 8,6 foizga kamaydi. Buning sababi o‘tgan yilning iyul oyida joriy qilingan lokdaundan keyin avgust-dekabr oylarida kechiktirilgan talab qondirilishi bilan izohlanadi.

Mikrochiplarning global taqchilligi ichki bozorga bosim o‘tkazdi

Joriy yilning avgust oyida sezilarli o‘sishga qaramay, avtomobil bozorida savdo hajmi karantindan oldingi darajasiga yetmadi. Shunday qilib, avtomobil savdosi 2019 yil avgust oyiga nisbatan 5,1 foizga biroz kamaydi.

Avvalo, koronavirus pandemiyasi oqibatida mikrochiplarning global taqchilligi ichki avtomobil bozoridagi faollikka bosim o‘tkazishda davom etmoqda, bu esa yetkazib berish muddatini oshirmoqda.

Joriy yilning avgust oyida yangi avtomobillar savdosi (12,1 ming) o‘tgan iyul oyiga (18,5 ming) nisbatan 34,9 foizga kamaygan bo‘lsa, avgust oyida ikkilamchi bozorda avtomobillar savdosi (45,3 ming) 57,6 foizga ko‘paydi.

Ekspertlar yangi avtomobillar savdosining kamayishini joriy yil 15 iyulidan 21 avgustigacha bo‘lgan davrda UzAuto Motors Asaka avtomobil zavodida Chevrolet Onix va Tracker modellarini o‘zlashtirish doirasida ishlab chiqarish imkonini beradigan o‘rnatish va ishga tushirish ishlari amalga oshirilishi sababli ishlab chiqarishning vaqtinchalik to‘xtatilgani bilan izohlashmoqda.

2021 yilning avgust oyida 10,6 ming dona yangi yengil avtomobillar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (iyul oyiga nisbatan kamayish 38,5 foiz). Shundan, 1021 tasi (10,7 foiz) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar hisoblanadi.

Umuman, yanvar-avgust oylarida respublika bo‘yicha 122,4 ming dona yangi yengil avtomobillar, shundan 6,2 ming dona chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar sotildi.

Biroq markaz tahlillari iyun oyida avtomobillar savdosining o‘sishi 2020 yilning iyun oyiga nisbatan 12,9 foizni, 2019 yilning shu paytiga qaraganda 29,6 foizni tashkil etganini ko‘rsatgandi.

Mavzuga oid
Top