14:33 / 20.09.2021
12841
2021 yilda O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifi kutilmoqda – Rossiya TIV
Foto: Valeriy Sharifulin / TASS

Rossiya tashqi ishlar vazirligi 2021 yilda O‘zbekiston prezidentining Moskvaga tashrifini kutmoqda. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda Toshkentdagi xalqaro konferensiyada Rossiya tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Andrey Rudenko ma'lum qilgan.

«Biz bu yil bo‘lishi kutilayotgan O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Birinchi navbatda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mudofaa sohasiga doir juda muhim hujjatlar to‘plami [imzolash uchun] tayyorlangan. Ushbu tashrif o‘zaro munosabatlarimizdagi strategik bosqich bo‘ladi, deb hisoblaymiz», degan u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda Rossiyaga davlat tashrifi bilan borishi haqida ilk bor 2020 yilning dekabrida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilingandi.

2021 yilning fevralida Abdulla Aripovning Mixail Mishustin bilan uchrashuvidan keyin Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi shu yil bahorda bo‘lib o‘tishi haqida xabar tarqalgan, ammo O‘zbekiston tomoni bu xabarni tezda rad etgandi.

Shuningdek, joriy yilning iyulida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va prezident Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi uchrashuvda bo‘lajak oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e'tibor qaratilgani xabar berildi.

2021 yil avgust oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi qoldirilmagani, faqat epidemiologik vaziyat tufayli muddati aniq bo‘lmay turganini bildirdi

Top