11:18 / 22.09.2021
3826
Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi. Loyiha 7 bob, 44ta moddadan iborat bo‘lib, qonunning maqsadi Bolalar ombudsmanining huquqlarini, majburiyatlarini, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va kafolatlarini belgilashdan hamda faoliyatini tartibga solishdan iborat.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilga davlat organlari va barcha mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta'minlash vakolatlari berilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi.

Saylanish kuni yigirma besh yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi. Vakilning belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan saylanadigan o‘rinbosari bo‘ladi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimdan quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:

  • u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida ariza bergan taqdirda;
  • uning sog‘lig‘i holati barqaror tarzda buzilgan va bu tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan guvohnoma bilan tasdiqlangan taqdirda;
  • unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
  • u qonunga ko‘ra Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatiga nomuvofiq bo‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
  • u o‘z majburiyatlarini muntazam ravishda, uzrli sabablarsiz bajarmagan taqdirda;
  • u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e'lon qilingan taqdirda;
  • u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan, vafot etgan yoki Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi tugatilgan taqdirda.

Shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha vakil siyosiy partiyaga a'zolikni yoki unda ishtirok etishni o‘z vakolatlari muddatida to‘xtatib turishi yoxud tugatishi shart. Bola huquqlari bo‘yicha vakil ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil oldidagi o‘z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to‘sqinlik qiladigan, bilaturib unga yolg‘on axborot beradigan, Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarish strategiyasini va bola huquqlari masalalari bo‘yicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
  • bolalar va ularning qonuniy vakillari o‘rtasida bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga oid qonunchilikni tushuntirish;
  • bola huquqlari va Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati haqidagi xalqaro hamda milliy normalar qoidalarini targ‘ib qilish;
  • aholi o‘rtasida bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlari masalalari bo‘yicha huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga ko‘maklashish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, bolalar hamda ular qonuniy vakillarining bola huquqlari va manfaatlari buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali bolaning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta'minlash;
  • bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik normalari va talablarining ijrosini o‘rganish;
  • o‘z vakolati doirasida bola huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka tatbiq etish masalalarini o‘rganish;
  • tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatida bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlari ta'minlanishini hamda himoya qilinishini monitoring qilish;
  • bolaning huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish holatidan jamoatchilikni xabardor qilish;
  • imkoniyati cheklangan bolalar, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlagandan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;
  • tarbiya muassasalarini tamomlagan uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning maqsadli kommunal uy-joy fondidagi belgilangan sanitariya va texnik me'yorlarga hamda qonunchilikning boshqa talablariga javob beradigan turar joy bilan ta'minlanishiga ko‘maklashish;
  • bolaning huquqlari, erkinliklari va manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashish, bunda bolaning eng ustun manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan normalarni qabul qilish, shu jumladan, bola huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida takliflar kiritish;
  • maslahat, tavsiya va xulosalar berish orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish sohasidagi faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashish;
  • bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta'minlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Bundan tashqari, Bola huquqlari bo‘yicha vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas. Bola huquqlari bo‘yicha vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud majlislarida ishtirok etishi, ularga va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish huquqiga ega. Shuningdek, u davlat organlari va tashkilotlaridan o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan statistik, tahliliy va boshqa axborotlarni hamda materiallarni so‘rab olish va davlat organlarining ma'lumotlar bazalaridan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.

Vakil bolalar haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularni himoya qilish uchun mas'ul bo‘lgan muassasalar, xizmatlar, organlarga, shu jumladan, ta'lim, tibbiyot muassasalari, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari, qamoqda saqlash joylari va jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishi mumkin.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobdordir. Vakil faoliyati to‘g‘risidagi hisobot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi.

Shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini tayinlaydi. Bola huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakil doimiy asosda faoliyat ko‘rsatadi.

Vakil sudning vakolat doirasiga kiradigan masalalar va anonim murojaatlarni ko‘rib chiqmaydi.

Voyaga yetmagan shaxslar ham o‘z huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan Vakilga shikoyat berishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslarning shikoyatlari Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan ko‘rib chiqilishi shart.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilga berilgan shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.

Mavzuga oid
Top