Jamiyat | 20:53 / 30.01.2024
12457
2 daqiqa o‘qiladi

Qizni turmush qurishga undab, muntazam bosim o‘tkazgan yigit 10 sutkaga qamaldi

Shahrisabzlik qizga himoya orderi berilgan bo‘lsa-da, yigit bosim o‘tkazishdan to‘xtamagan. Uning bolalar ombudsmaniga takroriy murojaatidan keyin, himoya orderi talablarini buzgani uchun yigitga sud tomonidan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi.

Foto: Bolalar ombudsmani

Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahrida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan qizni turmushga chiqishga undab, muntazam ruhiy bosim o‘tkazgan va himoya orderi talablarini buzgan yigit 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ma’lum qildi.

Avval xabar berilganidek, M.M. ismli qiz 15 yanvar kuni bolalar ombudsmaniga murojaat qilib, tanish yigit unga turmushga chiqishiga undab, turli shaklda bosim o‘tkazib kelayotgani, ota-onalari esa o‘zaro kelishib, qizning roziligisiz unashtiruv marosimini o‘tkazgani, yigit unga ruhiy bosim o‘tkazayotganini aytgan. Qiz hozir universitetning 1-kursida ta’lim olayotgani va o‘qishini davom ettirish niyatida ekanini bildirgan.

Shundan keyin, qizga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi taqdim etilib, uning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan edi.

Biroq, 29 yanvar kuni M.M. bolalar ombudsmaniga takroran murojaat qilib, himoya orderi berilgan bo‘lsa-da, yigit unga tazyiq va ruhiy bosim o‘tkazishda davom etayotganini ma’lum qilgan.

29 yanvar kuni O.B. bunday harakatlari uchun ma’muriy tartibda ushlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shaxrisabz sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206(1)-moddasi (Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik) bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 sutkaga qamalgan.

Mavzuga oid