O‘zbekiston | 13:47 / 09.02.2024
5019
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar ombudsmani qator majburiyat va vakolatlarga ega bo‘ladi

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi majburiy tartib sifatida belgilanmoqda.

Foto: Senat axborot xizmati

Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Hujjatda Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga saylanish kuni yigirma besh yoshga to‘lgan va kamida besh yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 5 yil muddatga Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan saylanishi nazarda tutilyapti.

Shuningdek, qonunga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi majburiy tartib sifatida kiritilyapti.

Bolalar ombudsmani ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Bolalar ombudsmani bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganini aniqlanganda, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritishi mumkin bo‘ladi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanish vakolati ham berilmoqda.

Qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tayinlanishi, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalar yozma shakldagi murojaatlarini Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yuborishi mumkinligi belgilanmoqda.

Muhokamalar yakunida qonunni ma’qullash haqida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid