10:27 / 22.09.2021
7070

«Hech qaysi firma talabalar o‘qishini xorijdan O‘zbekistondagi OTMga ko‘chirishga oldindan kafolat bera olmaydi» - DTM

Davlat test markazi abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat bilan chiqdi. Unda hech qaysi firma talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardan O‘zbekistondagi davlat oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirishga oldindan kafolat bera olmasligi aytilgan.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilda talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardan O‘zbekistondagi davlat oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihonlar esa OTM tomonidan) ilk bor Davlat test markazi tomonidan o‘tkazildi.

Unda test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan 87 486 nafar talabgordan 85 261 nafari ishtirok etgan. Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan o‘qishni ko‘chirish uchun minimal o‘tish balli ancha past belgilangan bo‘lsa-da, talabgorlarning 72 foizi mazkur minimal talabni bajara olmagan.

“Aslini olganda, yoshlarimizning xorijdagi nufuzli OTMlarda tahsil olishi yaxshi. Lekin maqsad xorijda ta'lim olib, o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish emas, balki qanday qilib bo‘lsa ham 1 yildan so‘ng o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib olish bo‘ladigan bo‘lsa, bu endi yaxshi holat emas, albatta.

Hozir ko‘plab konsalting firmalar tomonidan 1 yildan so‘ng O‘zbekiston ko‘chirib berish va'da qilingan holda qo‘shni davlatlardagi OTMlarga hech qanday imtihonlarsiz o‘qishga kiritib qo‘yish taklif qilinmoqda.

Hurmatli abituriyentlar va ularning ota-onalari! Hech qaysi firma talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardan O‘zbekistondagi davlat oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirishga oldindan kafolat bera olmaydi”, deyiladi DTM murojaatida.

Bildirilishicha, O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 22 iyundagi PQ-5157-son qaroriga binoan barcha talabalar o‘qishni xorijdan O‘zbekistonga ko‘chirish uchun imtihon topshirishi va tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan o‘tish ballini to‘plashi lozim.

Davlat test markazi asosiy maqsadi xorijda o‘qish emas, balki 1 yildan so‘ng o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib olish bo‘lgan abituriyentlar va ularning ota-onalariga turli shaxslar va firmalarning 1 yildan so‘ng o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib berish to‘g‘risidagi va'dalariga ishonmaslikni va o‘z bilimiga ishongan holda test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qilgan.

Top