15:50 / 22.09.2021
13751
Mafkura – millat mayog‘i. Bizda millatni birlashtiradigan mafkura bormi?

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda «milliy mafkura», «milliy g‘oya», «ma'naviyat» so‘zlari shu vaqtgacha ahamiyatsiz so‘z bo‘lgani tanqid qilina boshlandi. Chunki odamlar bu so‘zlar zamirida berilgan g‘oyalarni real hayotda aks etganini ko‘rishmadi. Oqibatda ko‘pchilik bu so‘zlarni eshitib, yuzini buradigan bo‘ldi.

Mafkura nima o‘zi? U muayyan millat, xalq, ijtimoiy qatlamni ilhomlantiradigan g‘oyalar, qarashlar majmuasi. Bir qarashda shunday tasavvur paydo bo‘ladi: mafkura, g‘oya va ma'naviyatsiz ham binoyidek yashayapmiz. Undan ko‘ra real amalga oshadigan sohalarga e'tibor qaratganimiz ma'qul. Aslida ham shundaymi? O‘zi bizga mafkura kerakmi?

Hayrat

Turkiyaga borsangiz, ko‘chada har yerda mamlakat bayrog‘iga ko‘zingiz tushadi. Uylar, odamlarning qo‘lida, hatto butun boshli avtomobil bayroq rangida, yarim oy va yulduz tasviri tushirilgan. Milliy bayrog‘iga nisbatan turklarning hurmati nima sababdan bunchalik baland? Vatanni shunchalik kuchli sevish mumkinmi?

Anqaradagi Otaturk qarorgohiga borganimizda, turk oilasining suhbatini eshitib qoldim: ota qiziga Turkiya asoschisi bo‘lgan Kamol Otaturkning yurt uchun qilgan ishlari haqida faxr bilan so‘zlab beryapti. Ular shuncha yillar o‘tsa-da, mamlakat asoschisining yurt uchun qilgan ishlaridan faxr tuyg‘usini his qilishyapti.

Odamlar uyining to‘riga bayroq ilishdan, o‘z Vatanini sevishidan mag‘rurlanadi. Faqat bayramlarda esga oladigan bizlardan farqli o‘laroq, ular Vatanni har on yodda tutishadi. Turklar shu yurt meniki, degan mafkura bilan yashaydi. So‘zimni bejizga bayroqdan boshlamadim. U ham mafkurani aks ettiruvchi kuchli vositalardan biri.

Xo‘sh, qanday mafkura turklarni o‘z Vatanini sevishga undayapti? Uning asosi nimada? Qanday g‘oya turklarni jipslashtirib, yagona umummilliy maqsad sari eltmoqda? Bizda shunday yagona milliy mafkura bormi? O‘zi milliy mafkura O‘zbekiston xalqiga kerakmi yoki shunchaki balandparvoz gapmi? Savollarga javob olish uchun mutaxassislar fikrini bilishga harakat qildik.

«Mafkura jamiyatdagi turli tebranishlarga, tashqi tahdidlarga javob bera olishi zarur»

Zavqiddin Gadoyev, sotsiolog:

«Islom Karimov mafkura poligonlari yadro poligonlaridan kuchliroq degandi. Agarda qayerda bo‘shliq hosil bo‘lsa, o‘zga mafkura kelib joylashadi. Bugun rivojlangan dunyoning har jabhasida mafkura mashinasi ishlayotganiga guvoh bo‘lamiz. Dunyoda mafkuraviy tahdid, okkupatsiya uchun juda ko‘plab ilmiy tekshirish institutlari faoliyat olib boradi. 

Birgina Hollivudni oling: ushbu yirik kinosanoatni AQShning mafkuraviy mashinasi deb bilaman. Fantastik filmlarda deyarli bir xil syujyet bo‘ladi: Yer sayyorasiga meteorit yog‘iladi-yu, yerlik oddiy muhandis yoki AQSh harbiysi Yerni qutqarib qoluvchi qahramonga aylantiriladi. Juda ko‘p filmlarda mana shu g‘oya aks etadi. Bu AQShning buyukligini har damda odamlar ongiga singdirish usuli. Hattoki multfilmlarda ham shu narsa singdirilgan. 

Xitoy ham o‘z g‘oyalarini butun dunyoga singdirishning boshqacha yo‘lidan bormoqda. U o‘z mahsulotlari orqali ongni egallashga urinmoqda. Bugun uyimizda hech bo‘lmaganda bir dona bo‘lsa ham Xitoyda ishlab chiqarilgan buyum bor. Bu ham mafkuraviy ta'sirning bir ko‘rinishi. Mafkura biror shakl yoki g‘oya emas, balki moddiyatda ham eks etishi mumkin.

Mafkura ma'lum xalq, millatning ezgu maqsadlarini, manfaatlarini o‘zida ifoda etib, xalqni jipslashtirishi kerak. Bu mafkurani ishlab chiqishga yetarlicha tajribamiz, kuchimiz bor, ammo hukumatni hozir bu narsa o‘ylantirayotgani yo‘qdek.

Oliy o‘quv yurtlarida gumanitar fanlar – sotsiologiya, milliy g‘oya va mafkura, siyosatshunoslik, dinshunoslik fanlari o‘quv rejadan butunlay chiqarib yuborildi. Falsafa fani qoldirildi, xolos. Kadrlar ongini mafkuraviy jihatdan to‘yintirishni o‘ylamayapmiz. Ushbu fanlarsiz qanday kadrlar yetishib chiqadi? Tafakkur qilolmagan shaxs hech qachon vatanparvarlikni o‘z tanasida his qilolmaydi.

Biz yetishtirayotgan kadrlarga ingliz tili, matematikani o‘rganishni birinchi darajaga qo‘ydik. Avvalo, u o‘z maqsadlarini Vatani bilan uyg‘unlikda ko‘ra olishi kerak. Qimmatli kadrlarimiz xorijga oqib ketayotgani ham bejizga emas.

Mafkurasiz yashash qiyin, chunki u jamiyat a'zolarini birlashtirish vazifasini bajaradi. Har bir harakatda, har bir jabhada inson o‘zi tug‘ilib-o‘sgan yurti uchun ozgina bo‘lsa-da vatanparvarlik hissini sezadi va shunga qarab harakat qiladi. Bizga shunday mafkura kerakki, u jamiyatdagi turli tebranishlarga, tashqaridan bo‘ladigan tahdidlarga javob bera olishi zarur».

«Turklar turk so‘zining ma'nosini, ajdodlari kim ekanligini juda yaxshi biladi»

Jumali Shabanov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti turkshunoslik fakulteti dekani, professor:

«Hech bir xalqning g‘oyasi birdaniga shakllanib qolmaydi, uning tarixiy ildizlari bo‘ladi. Aynan Turkiya haqida gapirsam, mamlakatning milliy mafkurasi Vatan va millat birligiga asoslangan. O‘zbekistonda pasportga qaysi millat vakili bo‘lsangiz, o‘sha yozib qo‘yilgan. Turkiyada aksincha, millati yozilmaydi, fuqarolarga qaysi millat vakili bo‘lishidan qat'i nazar, pasportda «Turkiya vatandoshi» degan so‘z qayd etiladi. Turkiyada juda ko‘p millat va elat vakillari yashaydi va ular bitta ajralmas Vatanning bo‘lagi ekanligi g‘oyasi atrofiga birlashgan.

Turklarda mafkura shunchalik kuchliki, askar jangda halok bo‘lsa, uning yaqinlari bundan faxrlanishadi. Farzandining Vatan uchun shahid ketishi ota-ona uchun katta g‘ururdir. Bayroqqa bo‘lgan muhabbati esa o‘zgacha: askarlarni bayroqqa o‘rab ko‘mishadi.

Ular milliy madhiyani o‘zgacha hurmat qilishadi. Madhiya yangrasa, nima ish qilayotganidan qat'i nazar haykaldek to‘xtab jon dili bilan tinglaydi. Har bir mamlakat fuqarosi madhiyani yoddan biladi. Turk maktablarida har yili madhiyani chiroyli kuylash bo‘yicha respublika miqyosida musobaqa o‘tkaziladi. Bolalar juda katta tayyorgarlik ko‘rishadi. Bu tashabbus ham madhiyani aholi orasida keng yoyish va uning ma'nosini yoshlarning ong-shuuriga singdirishda katta rol o‘ynaydi.

Ularda ham bizdagi kabi Vatan himoyachilari kuni nishonlanadi. O‘sha kuni imkoniyati cheklanganlar bir kunga harbiy xizmatga chaqirilib, askarlar libosini kiyishadi, qo‘liga avtomat tutishadi. Ular ham hayotida bir marta bo‘lsa-da, Vatan qanchalik muqaddasligini yuragidan his qilib ko‘radi.

Bizda bolalar nimadandir qo‘rqitib tarbiyalanadi: ota-onangdan qo‘rq, bog‘cha opangdan qo‘rq, ustozingdan qo‘rq, maktab direktoridan qo‘rq, domladan qo‘rq. Fikrimcha, turklarda aksincha holat: Vatanni, ota-onani, tabiatni, odamlarni sev, degan ruhda tarbiyalashadi.

Mafkuraning asosi qadriyatlarga borib taqaladi. Qaysi millat o‘z qadriyatlarini sevsa, tarixini chuqur bilsa, o‘zligini anglaydi. O‘zlikni anglasa, o‘z xalqini, tuprog‘ini hammadan ko‘ra ko‘proq sevadi. Turkiyaga birinchi marta 1988 yilda borganimda, 9-sinf o‘quvchilariga darsga kirganman. Sovet davlatidan, fazogir Yuriy Gagarin mamlakatidanman, deganimda, o‘quvchilardan biri bizga Gagarinni kimligi emas, nima ish qilgani qiziq, degandi.

O‘zbekistonda biz ajdodlarimizdan faxrlanamiz-u, qanday qilib ularday bo‘lishni bolalarimizga o‘rgatmaymiz. Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Navoiy haqida chuqur biladigan, asarlari ma'nosini tushunadigan yoshlar juda kam. Tarixni to‘g‘ri talqin qila olgan, ajdodlari kimligini, o‘zligini, qayerdan kelib chiqqanini bilgan insongina tug‘ilib o‘sgan yurtini boshqacha qadrlaydi, deb o‘ylayman.

Turklarning hayotida milliy mafkura qanchalik ahamiyatga ega? Har bir turkiyalik turk so‘zining ma'nosini juda yaxshi biladi. Turk deganda ko‘z oldiga Go‘ro‘g‘li yoki Usmon keladi. Butun xalq bitta bayroq ostida birlasha olgan. Turklarning ko‘pchiligi qilayotgan ishi orqali jamiyatga qandaydir foyda keltirishni o‘ylaydi. Jamiyatda adolat asosiy prinsip deb qabul qilingan. Bular milliy mafkurasiz amalga oshmagan bo‘lardi.

Germaniyada rasmiy ravishda 5 milliondan ortiq turklar bor. Boshqa Yevropa davlatlarida ham turklar ko‘p. Lekin hammasining uyi Turkiyada. Ular buni juda yaxshi his qila olgan. Ular Vatanidan uzoqda bo‘lsa-da, topgan pulini Turkiyaga tikadi: maktab, bog‘cha quradi. Bizda vaziyat qanday? Yoshlar xorijga ketish va o‘sha yerda qolib ketishni o‘ylashadi. To‘g‘ri, ketish kerak, u yerning tajribasini o‘rganish kerak. Lekin qaytib kelib O‘zbekiston rivojlanishiga ham hissa qo‘shish kerak. 

Yoshlarga Vatanni sevishni o‘rgatadigan eng katta vosita bu armiyada xizmat qilishdir. Vatanni himoya qilish qanchalik mashaqqatli ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, tanasida his qilib ko‘rgan odam borki, Vatan qadrini ko‘proq his qiladi. Hatto qizlarniyam armiya tarkibiga erkin olishimiz kerak. 

Turkiyada har yili 23 aprelda bolalar kuni nishonlanadi. O‘sha kuni prezidentlikdan tortib boshqa yuqori lavozimlar bolalar boshqaruviga beriladi. Prezidentlik lavozimi uchun eng kuchli va salohiyatli bola saralab olinadi. Bir kun bo‘lsa-da mamlakatni yosh bola boshqaradi. Ularda davlat boshqaruvini o‘rgatadigan alohida maktablar bor. Madaniyatimiz va tarixiy ildizimiz bir bo‘lgan turklardan o‘rganadiganlarimiz juda ko‘p va ularni ko‘r-ko‘rona emas, o‘zimizga moslashtirib o‘zlashtirsak maqsadga muvofiq bo‘lardi».

«Mafkura – mayoq, mafkura – millatning hayot-mamot masalasi. U inson tabiatiga mos, xalqona bo‘lishi kerak»

Olim Toshboyev, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

«Mafkura arabchadan tarjima qilinganda fikrlamoq degan ma'noni bildiradi. Milliy mafkura deganda millatning fikriy birligi, g‘oyaviy yakdilligi tushuniladi. Ikki-uch odamning boshi qovushgan joyda, albatta, muayyan g‘oya, fikr bo‘ladi. Hatto jinoiy guruhlar ham ma'lum bir g‘oya atrofida uyushadi.

Mustaqillik mafkurasi, milliy istiqlol g‘oyasi atrofida butun jamiyat birlashgan edi, desak yolg‘on bo‘ladi. Odamlar yolg‘on g‘oyaga ishondi, sarobga ergashdi, ammo milliy istiqlol mafkurasiga yuragini bermadi. Istiqlolning dastlabki yillaridayoq milliy mafkurani shakllantirish masalasi qo‘yilgan edi.

Lekin bozor iqtisodiyoti, pul va manfaat ma'naviyat, mafkura va ma'rifat istehkomlarini yemirib tashladi. Mutaxassislar tomonidan tayyorlangan «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» risolasidagi biror-bir gapni inkor eta olmaysiz. So‘z boshqa, amal boshqa bo‘lgan joyda donishmandlarning yuzi shuvut bo‘ladi. Xalqning nochor turmushi nekbin g‘oyalarni yo‘qqa chiqardi. «O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat» degan shiorga ko‘zi tushgan odamning ensasi qotadigan bo‘ldi.

O‘zbekiston islom dini rivojiga bemisl hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, mutafakkirlar yurti. Aholisi asosan musulmonlardan tashkil topgan mamlakatning g‘oyaviy yo‘nalishi, jamiyat mafkurasi, albatta, Qur'on va hadisga tayanmasligi mumkin emas. Sovet tuzumi davrida Leninning «O‘qish, o‘qish va yana o‘qish» degan gapi har bir maktab peshtoqiga, sinfxonalarga yozilgan bo‘lardi. Bugun ham bu ibora beixtiyor yodga tushadi, miyaga singib ketgan.

Chunki xalqimiz ruhiyatidagi islomiy aqida, Qur'on ko‘rsatmasi – o‘qishga bo‘lgan rag‘batga yo‘qsillar dohiysining gapi juda uyg‘un edi. Aytmoqchimanki, milliy mafkura xalqning milliy mentalitetiga mos bo‘lmasa, uning ruhiyati, tafakkuriga tayanmasa u har qancha chiroyli va jozibador shiorlar bilan bezatilmasin, ta'siri bo‘lmaydi. Biz buni yaqin tarixda ko‘rdik.

Vatanparvarlik ulug‘ tushuncha. Dasturxoni to‘kin bo‘lmasa-da, tug‘ilgan yurtini hamma narsadan aziz biladigan, izzai mo‘min – haromligini chuqur anglagan insonlarga qulluq. Lekin, ming afsuski, soxta vatanparvarlar tufayli bu tushuncha boshqacha ma'no anglatayotgani ham rost.

O‘n yilcha ilgari bir mashhur yallachining suhbatida bo‘lib qoldim. O‘shanda u kibr bilan «Okaxonlar etishvotti. Narodniy olishim uchun vatan haqida bitta-ikkita qo‘shiq etishim kerak ekan. Qo‘shiq tayyor. Klipga dodaning qaysi rasmini qo‘ysam. Shuni o‘ylavomman», degan edi.

Bundan bir-ikki yil avval yangi milliy mafkura ishlab chiqish ustida bir qancha yig‘ilish va muhokamalar o‘tkazildi. Lekin bugun bu haqda OAV, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy minbarlarda muhokama–munozara sadosi eshitilayotgani yo‘q. Balki, milliy mafkura shartmi, deganlar pallasi tarozida og‘ir kelayotgandir?

Mafkura – mayoq, mafkura – millatning hayot-mamot masalasi. U inson tabiatiga mos, xalqona bo‘lishi shart. Xalqona qarashlar o‘qtomiri esa islom dini bilan chamchabarchas bog‘liq. Insonning qanday mavjudotligi, uning fe'li, tabiati Qur'onda aniq-tiniq tasvirlangan. Yaratganning xohish-irodasiga zid, hayotdan uzoq, inson fe'l-atvoriga mos tushmaydigan g‘oyani jimjimador so‘zlar bilan ming bezamaylik – befoyda».

So‘ngso‘z o‘rnida

Xalqlarni jipslashtirib, birgalikda rivojlanishga undaydigan kuchli mafkura O‘zbekistonga ayni damda juda kerak. Afsuski, jamoatchilik bu haqida hozircha gapirmayapti. Mafkura, ma'naviyat, milliy g‘oya haqida gapirsangiz, odamlarning ensasi qotadi. To‘g‘ri, ilgari mafkura amaliy hayotda o‘z aksini topmadi, ammo yangisini yaratishga nima to‘sqinlik qilyapti?

Odamlarni tushkun kayfiyatdan chiqarish uchun pandemiya uzayishiga xizmat qilayotgan keraksiz, chiqimli festivallar tashkil qilishdan ko‘ra, kuchli mafkurani yaratish biz uchun foydaliroq bo‘lardi. Mafkura insonlar orzu-umidini o‘zida mujassam etmayaptimi, uni o‘zgartirish kerak, butunlay yo‘q qilish emas. Qachonki odamlarimiz Vatanni sevishini faqatgina rasmiy davralarda ko‘rsatmasdan oddiy hayotida ham his qila olsa, demak, biz kuchli mafkuraga erishgan bo‘lamiz.

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi

Mavzuga oid
Top