19:10 / 27.09.2021
6357
Millat mafkurasiz yasholmaydi: biz ildizlarimizdan uzilmagan holda odimlayapmiz

Har bir xalq qonida milliy mafkuraning ilk ildizlari yashaydi. El-u xalqni bir bayroq ostida birlashtiradigan g‘oya esa ana shu jon tomirlardan oziqlanadi. 

Milliy tafakkur tirik ekan, jamiyatda oldinga siljish, o‘zaro birdamlik, mushtarak maqsad yo‘lida adolatli kurash ham bo‘ladi. Chunki umummilliy mafkuragina jamiyat a'zolarini birlashtirish vazifasini bajarishi allaqachon o‘z isbotini topgan.

Shu jihatdan olib qaraganda, bugun O‘zbekiston uyg‘onish ostonasida turibdi. Ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mustaqillik g‘oyasi, milliy mafkura bizga tog‘dek tayanch bo‘ldi. Xalqimiz o‘zining asriy orzusiga erishgach, endi o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab olishi o‘ta muhim ijtimoiy-siyosiy, o‘z navbatida ma'naviy zaruratga aylandi. 

Biroq qanchalik achchiq bo‘lmasin, xalqimiz uzoq yillar faqat balandparvoz shiorlardan iborat g‘oyaviy hayotni ham yashab o‘tdi. Biz bong urgan baxtli va farovon jamiyat haqidagi orzularning ko‘pi muallaq qolgan edi. Pirovardida Istiqlolga yetib, buyuk dovondan o‘tgan xalq uchun yangi va munosib g‘oya juda zarur ekanligi oydinlashdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan da'vatkor g‘oya hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgani, ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta'minlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni tashlaganimiz tom ma'noda e'tirofga arzigulikdir. Eng muhimi, keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda. Prezident urg‘u berganidek, "Mamlakatimiz fuqarolari qayerda bo‘lmasin, davlat himoyasida ekanini, qonun va adolat kuchini his etib yashamoqda. Bugun bir haqiqatni qat'iy ishonch bilan aytish mumkin: dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda O‘zbekistonda shakllangan yangi tizim o‘zini to‘la oqlamoqda".

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: davlat rahbari yangi O‘zbekistonning buguni va ertangi istiqbolini ta'minlaydigan, xalqimizni birgalikda, yengilmas kuch bo‘lib mehnat qilishga, islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashashga da'vat etuvchi tamoyil sifatida nega aynan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini o‘rtaga tashlamoqda? Ushbu serqirra va mazmun-mohiyati g‘oyat ulkan bo‘lgan g‘oyaning amaliy qiyofasi nimalarda gavdalanmoqda? 

Avvalo, bevosita yosh avlod bilan ishlovchi ta'lim tizimi mas'uli sifatida aytishim kerak, biz bu ulug‘vor g‘oyaning amaliy ifodasini yosh avlodning ta'lim-tarbiyasi, tafakkurini yuksaltirish yo‘lidagi muhim tashabbus va islohotlarda aniq ko‘ra oldik. Bolalarimizning bog‘cha yoshidanoq ilmga, kasb-hunarga rag‘batini uyg‘otish, milliy qadriyatlarga hurmatini oshirishga muhim vazifa sifatida qaraldi. Uchinchi Renessans poydevorini yaratuvchi oltin halqalardan biri bo‘lgan oliy ta'lim tizimi milliy va xalqaro mezonlarni o‘zida mujassam etgan yangilanish va o‘zgarishlar bilan isloh qilindi. O‘g‘il-qizlarning iste'dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish davlatimizning bosh maqsadiga aylandi. Ayniqsa, ta'limning barcha bo‘g‘inlariga zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etishga qaratilgan sa'y-harakatlar munosib samara berayotir.

Milliy qadriyatimizning eng nozik durdonasi bo‘lgan oilani asrash, onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, ayollarning mehnat va turmush sharoitini yaxshilash, gender tenglikni ta'minlash borasidagi ishlar ham izchil davom ettirildi. Xususan, kam ta'minlangan oilalarda kamol topayotgan qizlarning bilim olish imkoniyatini kengaytirish uchun yangi tizim joriy etildi. Unga muvofiq, bunday qizlarimiz uchun joriy yilda oliy ta'lim dargohlariga davlat granti asosida 2000 ta qo‘shimcha o‘rin ajratildi.

Mana shu ezgu tashabbusning o‘ziyoq mamlakatning milliy yuksalishi sari qo‘yilgan xayrli qadamlaridan biri, aslida.

Mavzuning eng asosiy jihatiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, "Har qanday mustaqil davlat mustahkam ma'naviy poydevorga ega bo‘lgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi", degan so‘zlar mohiyatini anglab yetish g‘oyat zarurdir.

Yurtimizda “Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida umumta'lim maktablarida birinchi marta “Tarbiya” fanining joriy etilgani, qolaversa, milliy davlatchiligimiz va o‘zligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish, yoshlarda davlat ramzlariga bo‘lgan chuqur hurmat va mehr-muhabbatni, milliy g‘ururni shakllantirishga alohida ahamiyat berilayotganini ana o‘sha "ma'naviy poydevor"ni yaratish yo‘lidagi eng to‘g‘ri qadam deb baholash kerak.

Yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilinganidan tortib, inson huquqlarining eng muhim sharti bo‘lgan shaxsning fuqaroligini tiklash bo‘yicha ham salmoqli qadamlar qo‘yildi. Taraqqiyot kushandasi bo‘lmish illat – korrupsiyaga qarshi dadil kurashni boshladik. Eng asosiysi, jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror toptirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlangan ishlar ortga qaytmas tus olganini davlat rahbarining o‘zi ko‘p bora ta'kidlayapti. Bularning bari yangi O‘zbekiston g‘oyasi barqaror tus olgani, ta'bir joiz bo‘lsa, xalqimiz hayotida aks-sado berayotganidan dalolat emasmi?!

Bugun turfa odamlarning "xalqimizga milliy mafkura kerakmi?" degan nisbatdagi fikriy olishuvlariga tomoshabin bo‘lib qolmasligimiz shart. Ko‘ngilga taskin beradigan bir haqiqat borki, yangi va ulug‘ yo‘lga chiqqan O‘zbekiston o‘zining bugungi va yaqin istiqboldagi hayoti uchun "Milliy yuksalishdan – milliy taraqqiyot sari" g‘oyasini tanlab, dadil odimlab bormoqda. Dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan, kechagidan ulug‘vor maqsadlar bilan oldinga intilayotgan yurt odamlari o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan uyg‘un ko‘ra olishi, shaxsiy va umummilliy manfaatlarni birlashtira olishi milliy mafkuraning shakllanishida muhim va tayanch nuqtadir. 

Shu o‘rinda, qariyb bir asrdan ortiq davr silsilalarini yodga oladigan bo‘lsak, ma'rifatparvar jadidlarimiz orzu qilgan, kurashib, intilib o‘tgan timsol aynan yangi O‘zbekiston g‘oyasi edi. Aslida "jadid" so‘zining ma'nosi ham "yangi" demakdir. Jadidchilik harakatining mohiyati milliy o‘zlik va milliy ma'rifat asosida bunyod etilgan yangi Vatan qurish, dunyoga ma'naviy-ma'rifiy porloq nigoh bilan qaraydigan yangi xalqni tarbiyalashdek ulug‘vor maqsadga qaratilgan edi. Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan yangi O‘zbekistonni yaratish, yurt yelkasini ezib kelgan kechagi og‘riqlardan qutulib, butunlay yangicha hayot barpo etish maqsadi aynan jadidlarimizning ulug‘vor sa'y-harakatlari bilan mushtarak deb ayta olamiz. Zotan, jadidlarimiz boshlab bergan ulug‘ yo‘l bardavomdir, uni davom ettirishga har bir yosh, har bir yurtdoshimiz qodir bo‘lmog‘i kerak. 

Bundan anglashiladiki, jadidlar o‘lmagan, ularning timsoli mayoq bo‘lib porlab turibdi, fidoyi zotlar boshlab qo‘ygan milliy mafkura davom etadi. Vatan va xalq birligiga, milliy taraqqiyotga asoslangan tamoyillarga qayta jon kirdi. 

 Bugun mamlakatda amalga oshirilgan izchil o‘zgarish va yangilanishlar, hayotbaxsh islohotlarni, ularning samarasidan bahramand bo‘lib yashayotgan yangi avlod ham, umuman, har bir vatandoshimiz ham jadid bo‘ladi, islohotlarga yelkadosh, suyanch bo‘ladi. 

Milliy g‘oya mamlakat xalqining ma'naviy-ruhiy qudrati, g‘urur-iftixori, ezgu orzu-intilishlari, ulug‘vor manfaatlarini o‘zida aks ettiradigan va shu yo‘lda jamiyat a'zolarini birlashtiradigan, buyuk ishlarga safarbar etadigan kuch-quvvat manbai ekan, u jamiyat tasavvurida millatning tarixi, bugungi kuni va kelajak taraqqiyotini uyg‘unlashtirib, muttasil rivojlanib boradigan eng muhim tushuncha va tamoyillar tizimi sifatida gavdalanadi. Sog‘lom fikrlaydigan har bir insonda o‘z eliga, millatiga jonkuyar bo‘lish, uning yutuqlaridan faxrlanish, muammolariga befarq bo‘lmaslikka chorlaydigan qudrat ham milliy g‘oya, demak.

Buyuk xalqimizning qariyb uch mingyillik hayotiy a'moli aks ettirilgan "Avesto" kitobidagi "Ezgu so‘z, ezgu fikr, ezgu amal" g‘oyasi bugungi yangi O‘zbekiston mafkurasining ham asosiy tamoyili bo‘lib xizmat qilmoqda. Jamiyatimiz hayotida buyuk tariximizdan, ajdodlarimiz qoldirgan moddiy, ma'naviy merosdan, bashariyat erishgan umuminsoniy qadriyatlar hamda milliyligimizni bilish va anglashga qaratilgan azm-u shijoatimizdan kuch olgan milliy g‘oyamiz yangi O‘zbekistonga xos va mos istiqbolni belgilash yo‘lida barchamizga mayoq bo‘lmoqda. 

Buyuk qomusiy olim Mahmud Qoshg‘ariyning "Bir qarg‘a bilan qish kelmas" naqli e'tiborimizni tortadi. Qadimgi ajdodlarimiz amal qilib kelgan ushbu maqolda birdamlikka intilish mohiyati yotadi. Bu mohiyat bugungi yangi O‘zbekiston milliy g‘oyasining xalq va millatning bir butun bo‘lishi, yagona Vatan tuyg‘usi bilan birlashishini ko‘zda tutgan asosiy tamoyilida ham aks etmoqda.

Yusuf Xos Hojibning "Budun bayliking‘a to‘ru tuz qodun", ya'ni "Xalq boy bo‘lishi uchun adolatli siyosat kerak" yoki "To‘ru suv turur, aqsa ne'mat unar", ya'ni "Adolat suv kabidir, oqsa ne'mat unadi" degan hikmatli iboralari ham bugungi amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar mohiyatiga to‘laqonli mosdir. 

Shuningdek, "O‘rxun-Enasoy" yozma yodgorliklari mazmunini o‘rganish chog‘ida unda ulug‘ turk xoqoni Bilga Xoqonni xalqni birlashtirish, bir makon uchun muhabbatli bo‘lishga qaratilgan ezgu yo‘ldan borganini anglash mumkin.

Zamonlar osha ajdodlarimiz ibratiga yuzlanganimizda chuqur bunyodkorlik, vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan Naqshbandiya tariqati, bu ta'limotning “Dil ba yoru dast ba kor” shiori bugungi hayotimizda ham o‘z ifodasini topayotganini ko‘ramiz. Umuman olganda, O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida "Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari" degan bosh g‘oyamizning ilk asoslari yuksak bilim va tafakkurga ega ulug‘ ajdodlarimizning boy merosida aks ettirilgani va munosib davom etib kelayotgani quvonarlidir. 

Milliy g‘oyamizning yagona Vatan tuyg‘usi, adolat – qonun ustuvorligida, xalq roziligi, innovatsion taraqqiyot, jaholatga qarshi ma'rifat deb nomlangan ramziy ustunlari butun xalqimizga milliy yuksalishni umummilliy harakatga aylantirish yo‘lida muhim asos, tayanch tomir bo‘lib xizmat qilayotir.

Milliy mafkura har qaysi millatning hayot-mamot masalasi ekanligi ayni haqiqat. U bizning tafakkurimiz, turmush tarzimiz, o‘y-maqsadlarimiz, e'tiqodimiz, kerak bo‘lsa, har bir vatandoshimizning hayotiy prinsiplari asosida shakllanadi. So‘nggi besh yil ichida uddalaganlarimiz, erishgan ulug‘vor maqsadlarimiz, xalqimiz qalbida nafaqat buguni, ertangi taqdiri, kelajagi uchun katta umid va shijoat uyg‘onganining o‘ziyoq bu borada to‘g‘ri va ishonchli yo‘lda ekanligimizni anglatadi. 

Bahodir SheRMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori Ⓣ

Mavzuga oid
Top