22:31 / 28.09.2021
21150
Merkel davri poyoniga yetmoqda. U tarixda qanday iz qoldiradi?

Ba'zi siyosatchilar to‘rt muddat davomida hokimiyatda bo‘lgach ham o‘z ixtiyori bilan ketishi mumkin.

Germaniyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, uning yakunlariga ko‘ra Angela Merkel kansler lavozimini tark etadi. U yengilmas holatda ketmoqda: u hukumat rahbarligida bo‘lish borasida o‘z ustozi Helmut Kolning rekordini takrorlab (16 yil), o‘z ixtiyori bilan ketishga qaror qilgan. Jahon siyosatidagi eng katta ta'sirli siyosatchi ayol bo‘lgan frau yana bir necha oy mobaynida kanslerligicha qoladi, chunki yangi hukmron koalitsiyani shakllantirish bo‘yicha muzokaralar cho‘zilishi tayin. Lekin baribir Merkel erasi poyoniga qarab bormoqda. «Meduza» uning faoliyatidagi asosiy bosqichlarni ifodalovchi suratlarni jamladi.

Bernd Gurlt / DPA / AFP / Scanpix / LETA 

Angela Kasner (turmushga chiqqach Merkel familiyasini olgan) Himmelpfort qishlog‘idagi lagerda ovqat tayyorlamoqda. U 1973 yil iyulida Leypsig universitetini fizika yo‘nalishida tamomlaganida do‘stlari bilan shu yerga kelgandi. Merkel mamlakat g‘arbidagi Hamburgda tug‘ilgan bo‘lsa-da, Sharqiy Germaniyada o‘sgan.

Martin Gerten / DPA / AFP / Scanpix / LETA

Merkel siyosiy faoliyatini GDRning so‘nggi yillarida boshlagan, u «Demokratik yorib kirish» harakati safiga kirgan. Germaniya birlashganidan ko‘p vaqt o‘tmay Merkel Ayollar va yoshlar masalalari bo‘yicha federal vazir etib tayinlangan. U shu tariqa Sharqiy Germaniyaning umumgerman isteblishmentidagi ilk vakilasiga aylanadi. Merkel 1991 yil 18 yanvarda bundestagda qasamyod qiladi, bu vaqtda parlament majlisi hali G‘arbiy Germaniya poytaxti bo‘lgan Bonnda o‘tkazilardi.

Thomas Imo / photothek.net / imago / Scanpix / LETA 

Merkelning siyosiy karerasi tezlik bilan o‘sa boshlaydi: 1991 yil dekabrida u Xristian-demokratlar ittifoqida kansler Gelmut Kolning o‘rinbosariga aylanadi. Uni kinoyasiz — «Kolning qizalog‘i» deb atashgan. 

Roberto Pfeil / AP / Scanpix / LETA 

Mehnatkash Merkel ko‘p o‘tmay tillarga tushadi. 1992 yil 3 fevralida u oyog‘ini sindirib olganiga uch hafta o‘tmagan bo‘lsa-da, Xristian-demokratik ittifoq prezidiumida ishtirok etish uchun keladi.

Michael Ebner / ullstein bild 

Ayollar va yoshlar masalalari vazirligi katta muassasa emasdi, 1994 yilda Merkel nisbatan kattaroq vazirlik rahbari etib tayinlanadi — Atrof-muhit muhofazasi vazirligiga. Yangi yil arafasida vazirlik uning ishtirokida reklama roligi tayyorlaydi: u sovg‘alarni o‘rashda ishlatiladigan qog‘ozni ikkinchi marta qo‘llash uchun qanday tayyorlash mumkinligini ko‘rsatib beradi - bu orqali odamlar daraxt yog‘ochini tejash va o‘rmonlarni kesilishdan asrashga chaqirilgandi.

Bonn-Sequenz / ullstein bild / Getty Images 

1996 yil fevralida Merkel Chernobil AES hududiga tashrif buyuradi. Stansiyadagi avariya oqibatlari nemis jamoatchiligida katta taassurot uyg‘otadi, buning ortidan «Yashillar» harakati mashhurlashadi va atom energiyasidan voz kechish bo‘yicha jiddiy muhokamalar boshlanadi. Merkel kansler bo‘lganida Fukusimadagi avariyadan keyin bu jarayonni (atom energiyasidan butunlay voz kechish) ishga tushiradi.

Chaperon / ullstein bild / Getty Images 

1998 yildagi saylovlarda xristian-demokratlar mag‘lubiyatga uchragach, Merkel nemis hukumatini tark etadi, ammo bundestag deputati bo‘lib qoladi va Xristian-demokratlar ittifoqida bosh kotibga aylanadi (mohiyatan, partiya ishi boshqaruvchisi). Bu fotoga u 2000 yil martida Boltiq dengizi sohilida tushgan.

Bernd Weissbrod / EPA / Scanpix / LETA 

Xristian-demokratlar ittifoqining to‘laqonli yetakchisiga aylangan Angela Merkel 2005 yil 18 sentyabrida o‘tkazilgan saylovda ovoz bermoqda. Bu saylovdagi g‘alaba orqali u mamlakat boshqaruviga keladi va keyingi 16 yil mobaynida kansler bo‘lib qoladi.

Jens Buettner / EPA / Scanpix / LETA 

GFRdagi ilk ayol kansler Angela Merkel portreti Berlindagi KanzlerEck («Kansler burchagi») mehmonxonasida avvalgi hukumat rahbarlari portretlari qatoriga ilinmoqda. 2005 yil 23 noyabr.

Dmitriy Astaxov / TASS 

Angela Merkel, Vladimir Putin va labrador Konni «Bocharov Ruchey» qarorgohida, 2007 yil 21 yanvar. Ko‘pchilikka ma'lumki, kansler itlarni yoqtirmagan. Ikki yetakchi o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar hech qachon iliqlashmagan: Qrim Rossiyaga qo‘shib olingach, Amerika matbuotida yozilishicha, Merkel Obama bilan telefon muloqoti chog‘ida Rossiya prezidenti «reallik bilan aloqani yo‘qotib qo‘ygani» haqida gapirgan.

Sean Gallup / Getty Images

Merkel siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri - xavfli va qayta tiklanmaydigan energiya manbalaridan bosqichma-bosqich voz kechishga qaratilgan energetik burilish  (Energiewende) edi. 2010 yil 18 avgustida u Krempin shahridagi shamol elektrostansiyasiga tashrif buyuradi. «Yashil energetika»ga katta investitsiyalar yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, Germaniya hukumati o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlarga ham erisha olmadi. Atom energetikasi va ko‘mir qazib olishni to‘xtatishdan ko‘rilgan yo‘qotishlarni qoplash uchun Merkel hukumati «Shimoliy oqim — 2» gaz quvurini qurish ishlari oxiriga yetkazilishiga rozilik bildiradi.

Franzi Zöger / Vogelpark Marlow / DPA / AFP / Scanpix / LETA

Bir necha yil ichida Merkel Germaniya siyosatidagi eng maftunkor siyosatchiga aylanadi. Uning o‘z farzandlari yo‘q, ammo nemis tabloidlari uni tez-tez «onaxon» (Mutti) deb ataydi. Bu fotosuratda u Germaniya shimolidagi o‘zini saylagan Marlou okrugida to‘tiqushlarni oziqlantirmoqda. 2012 yil 17 aprel. 

U shu yil sentyabrda ham Marlouga borib, sevimli to‘tiqushlari bilan suratga tushdi. 

Pete Souza / White House / Reuters / Scanpix / LETA

Chapdan o‘ngga: Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, AQSh prezidenti Barak Obama, Angela Merkel va Yevropa komissiyasi raisi Xose Manuel Barroso «Chelsi» — «Bavariya» o‘rtasida 2012 yil 19 mayida o‘tkazilgan YeChL finalini tomosha qilmoqda, o‘shanda inglizlar penaltilar seriyasida g‘olib bo‘lishgandi.
 

Michael Kappeler / AP / Scanpix / LETA

Angela Merkel va Barak Obama bir-birini yaxshi tushungan siyosatchilar edi. 2015 yil iyunida ular Bavariya Alplari mezbonligidagi «Katta yettilik» sammitida shunday uchrashuv o‘tkazishgan. 

Tobias Schwarz / AFP / Scanpix / LETA 

Angela Merkel uchun jiddiy sinovlardan biri 2015 yilgi migratsiya inqirozi bo‘lgandi. 25 avgust kuni Merkel hukumati Germaniyada boshpana olish huquqi yengillashtirilgani haqida e'lon qiladi, keyingi kuni uning o‘zi mamlakat sharqidagi Haydenau lageriga tashrif buyuradi. Keyingi oylar davomida mamlakatga Yaqin Sharqdan bir necha million qochqin kirib keladi. Merkelning bu boradagi siyosatini o‘nglar ham, so‘llar ham tanqid qilishgan, bu munozaralar fonida o‘ng populistlar «Germaniya uchun alternativa» partiyasiga asos solishgan.

Fabian Bimmer / Reuters / Scanpix / LETA 

Angela Merkel Kil shahridagi harbiy-dengiz bazasiga tashrif chog‘ida. 2016 yil 19 yanvar

Volker Hartmann / Getty Images 

Angela Merkel Astronavtlarni tayyorlash bo‘yicha Yevropa markaziga tashrif vaqtida maxsus ko‘zoynakda . Kyoln, 2016 yil 18 may.

Jesco Denzel / Bundesregierung / Reuters / Scanpix / LETA

Barak Obama bilan yaxshi til topishgan bo‘lsa, Merkel uchun Donald Tramp bilan munosabatlar eng murakkabi bo‘lgandi. AQSh prezidenti uni bir tomondan Rossiyaga sanksiyalar qo‘llab, ikkinchi tomondan «Shimoliy oqim — 2» qurilishi davom ettirilishiga rozi bo‘lgani va shu bilan birga NATOni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagani uchun tanqid qilgan. 2018 yil Kvebekdagi «Katta yettilik» sammiti arafasida Tramp bir necha shov-shuvli bayonotlar bergan, jumladan Qrimni Rossiya hududi deb atagan, uchrashuvni qo‘shma bayonotni imzolamasdan tark etgandi.

Xander Heinl / photothek.net / imago / Scanpix / LETA

Qo‘llarni bu taxlit qovushtirish — «Merkel jyesti» nomini olgan. 

Odd Andersen / AFP / Scanpix / LETA 

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ilk xorijiy tashrifini 2019 yil 18 iyunida Berlinga amalga oshirgandi. Zelenskiyning asosiy maqsadi Germaniyani «Shimoliy oqim — 2» qurilishi davom ettirilishiga qarshi chiqishga ko‘ndirish edi, bu gaz quvuri tufayli Ukraina Rossiya gazi tranziti uchun oladigan daromadidan quruq qolardi, ammo u o‘shanda ham, undan keyin ham bunga erisha olmadi. So‘nggi yillarda kanslerlik lavozimida Merkel Ukraina sharqidagi mojaroni hal qilishda ham u qadar faol bo‘lmadi, 2015 yilda aynan uning diplomatik sa'y-harakatlari evaziga Minsk kelishuvi imzolangandi, shundan keyin mintaqada faol harbiy harakatlar to‘xtatilgandi.

imago images / Bildgehege / Scanpix / LETA

Pandemiya Merkel uchun bir vaqtning o‘zida ham siyosiy triumf, ham juda og‘ir sinov bo‘ldi. Dastlabki oylarda nemislar hukumat tomonidan iqtisodiyotga yordam bergan holda joriy etilgan qat'iy cheklovlarni qo‘llab-quvvatlashdi va hatto bu davrda ko‘plab siyosatchilar Merkel iste'foga chiqish haqidagi qaroridan qaytib, yana besh yil davomida kansler bo‘lib qolishi kerakligini aytishdi. Ammo vaksinatsiya kampaniyasi boshlanib, cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilingach, tanqidlar ko‘paydi. Merkel o‘shandan buyon har qanday yopiq bino hududida yuqoridagi suratdagi kabi niqob taqqan holda ko‘rinish beradi, surat bundestagning 2021 yil 13 yanvarida o‘tkazilgan yig‘ilishida olingan. 

Mavzuga oid
Top