Jahon | 19:55 / 15.12.2021
26399
13 daqiqa o‘qiladi

Hech qachon xafa bo‘lmaydi, hech qachon jazavaga tushmaydi. Germaniyaning yangi kansleri haqida

Olaf Shols rasman Germaniya kansleri lavozimini egalladi. U bungacha ham qariyb 20 yil davomida nemis siyosatining yuqori doiralarida edi. Biroq joriy yilga qadar o‘ziga u qadar e’tibor jalb etmagandi.

Janine Schmitz / Photothek / Getty Images

Uning kansler lavozimida paydo bo‘lishi 1999 yilda yo‘q joydan paydo bo‘lgan Vladimir Putinni yodga olishga undaydi.

Sholsni ekssentrik vazirlar boshida turgan konservator va zohid sifatida, tizimda avtoritar qoidalarga ega yetakchi sifatida tasvirlash mumkin. U saylovlarda barcha xarizmatik raqiblarini ortda qoldirdi.

U hatto Angela Merkeldan ham xotirjamroq va vazminroq. Shols rahbarligining ilk kunlaridayoq inqirozlarni hal etishiga to‘g‘ri keladi. Ulardan birinchisi – koronavirusga qarshi majburiy emlanishni joriy etish.

8 dekabr kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer o‘z qarorgohida Sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Olaf Sholsga uning kansler etib tayinlanishi to‘g‘risidagi farmonni – nemis burguti tushirilgan to‘q ko‘k rangdagi papkani topshirdi. Sarosimaga tushib qolgan Shols ikkilanib qoldi, hujjatni nima qilishni bilmadi. «Keling, farmonni kameralar oldida ochiq holda qoldiramiz», — dedi unga partiyadosh bo‘lgan Shtaynmayyer vaziyatdan chiqishiga yordam bergan holda. Shols itoatkorlik bilan jurnalistlar oldida papkani ochdi. Marosim bir daqiqaga yaqin davom etdi. «Janob kansler, chin qalbdan tabriklayman», dedi prezident. Shols bunga javoban hech nima demadi. Ehtimol, kanslerga oson bo‘lishi uchundir, marosimda uning so‘zlashi shart emasdi.

Shols to‘g‘risida kitob yozilmagan (Germaniya uchun bu noodatiy holat). U saylovoldi poygasi autsayderi sifatida ko‘rilgandi

Olaf Shols — past bo‘yli, tepa sochi yo‘q, qomati sportchinikiga o‘xshash, quloqlari dikkaygan erkak. Omma oldida o‘zini noqulay his etayotgan o‘smir kabi tutsa ham, GFRning urushdan keyingi davrdagi eng keksa kansleridan biri bo‘ldi. Yoshi 63da. 1963 yilda hukumatga rahbar bo‘lganida yoshi 66da bo‘lgan Lyudvig Erhardgina undan kattaroq. Uzoq siyosiy karerasiga qaramay, kanslerlik lavozimini karerasining mantiqiy yakuni deb aytib bo‘lmaydi. Siyosatshunoslar mo‘jiza haqida gapirishmoqda. Joriy yil saylovlarida kanslerlik lavozimiga «Yashillar»dan Annalena Berbok va xristian-demokratlardan Armin Lashet kabi ikki nomzod jiddiy da’vogarlik qilayotgandi. Ularning fonida Shols autsayder bo‘lib ko‘rinardi. Sotsial-demokratlar bahordayoq har ikki raqib partiyaga reytinglarda yutqazgandi.

Shols nemis siyosati yuqori ligasida 2000-yillar boshidan beri mavjud. Biroq joriy yilga qadar uni hech kim sezmagan. Germaniya – kitoblar mamlakati. Nemislar o‘z siyosatchilari to‘g‘risida o‘qishni yaxshi ko‘rishadi. Biroq kitob do‘konlarida yangi kansler haqida bitta ham kitob yo‘q. Sholsning o‘zi karerada navbatdagi muvaffaqiyatsizligidan keyin yozgan kitobni nashr ettirish uchun noshir topa olmagan. Sholsning siri shundaki, u bilan hech kim qiziqmagan yoki e’tiborsiz qoldirilganida ham tushkunlikka tushmagan va navbatdagi imkoniyatini kutgan.

Yangi kansler yoshligida NATO va kapitalizmga qarshi kurashgan

Olaf Shols Hamburgning ishchilar rayonida katta bo‘ladi. 17 yoshida Sotsial-demokratik partiyaga a’zo bo‘lib kiradi va 30 yoshgacha uning kapitalizm va NATO blokiga qarshi chiqadigan chap qanotida siyosiy karera qilishga intiladi. Shols isyonchi ham, xarizmatik ham emasdi. Shuning uchun unda so‘lchilarning zo‘ravon yetakchisiga aylanish imkoniyati yo‘q edi. 90-yillarda mehnat huquqi sohasida huquqshunos bo‘lib faoliyat yuritdi. Mehnatkashlar jamoalari bilan muloqotda bo‘lib, marksizm bilan xayrlashdi va hozirgi joyi – sotsial-demokratlarning o‘ta o‘ng, konservativ qanotiga o‘tdi.

Shols o‘zining yuqoriga ko‘tarilishida yordam bergan Gerhard Shryoderdan qarzdor. Mish-mishlarga ko‘ra, mehnat huquqi masalalari muhokama qilinayotgan uchrashuvlardan birida Shols kanslerga shunday degan: «Bu mavzuni ozgina bo‘lsa-da bilishingiz, bizga yordam bergan bo‘lardi». Germaniyada mehnat bozorini (muvaffaqiyatli) isloh etayotgan Shryoder bu beadabni Berlinga, partiyadagi markaziy lavozimlardan biri – bosh kotiblikka olib ketadi.

Gerhard Shryoder, Olaf Shols va Angela Merkel, 2005 yil. Merkel Shryoder o‘rniga kansler lavozimini egalladi. Shundan so‘ng Shols yana katta siyosatdan g‘oyib bo‘ldi. Foto: Andreas Rentz / Getty Images

2005 yilda Shryoder saylovda Merkelga yutqazgach, partiya tomonidan qo‘llovga ega bo‘lmagach, Sholsning reytingi ham qulaydi. Bir necha yil o‘tib u Merkel kabinetida mehnat vaziri lavozimiga ega bo‘ldi (Merkel ko‘p yillik siyosiy an’anaga qarshi borib, bungacha xristian demokratlarining asosiy raqibi sanalgan sotsial-demokratlar bilan ittifoq tuzdi). Mazkur lavozimda Shols ikki yil ishladi va siyosiy doiradan yana g‘oyib bo‘ldi. Hamburg rahbari lavozimida esa uning siyosiy karerasi qayta tug‘ildi. O‘sha vaqtdan beri Hamburgdagi ofisida Sholsning asosiy shiori osig‘liq turadi: «Hech qachon xafa bo‘lmaymiz, hech qachon jazavaga tushmaymiz».

Hamburgdan keyin yana Berlin – 2018 yilda u Merkelning so‘nggi hukumatida moliya vaziri bo‘ldi. Vitse-kansler lavozimini oldi – sharafli, biroq tan olingan yetakchi soyasida deyarli ko‘rinmas edi. Bir yildan keyin navbatdagi mag‘lubiyat: partiya ichki saylovlarida uning o‘rniga so‘lchilar Zaskiya Esken va Norbert Valter-Boryansni (sotsial-demokratlar gender muvozanat uchun partiya yetakchisi lavozimiga erkak va ayoldan iborat duetni olg‘a suradi) afzal bilishdi.

Aslida aynan shu mag‘lubiyatda bo‘lajak g‘alaba kaliti yashiringan edi. Shols partiyani o‘z ruhiyatiga mos tarzda o‘zgartirishdan voz kechib, uni so‘lchilarga qoldirgan, deb hisoblandi. Partiya ichidagi maqsadlarini esa o‘sha so‘lchilar tomonidan kanslerlik lavozimiga qo‘llab-quvvatlanishga almashtirdi. Sotsial-demokratlar haqiqatan ham Sholsni saylovlarda qo‘llab-quvvatlashgan bo‘lsa-da, bu aktiv deyarli foydasiz bo‘lib tuyulardi. Ko‘p yillar davomida GSDP so‘l qanotda «Yashillar» siqib chiqaradigan siyosiy partiya bo‘lib ko‘rinardi. Kutilmaganda aynan shu stavka ish berdi.

Sholsning asketik imiji – so‘nggi yillar topilmasi. Ekssentristlar kabinetida u oq qarg‘a kabi bo‘ladi

Shols — o‘z partiyasi bilan muammolari bo‘lgan birinchi kansler emas. Angela Merkel ham bu holatni a’lo darajada biladi. Uning so‘l liberal tajribalari u boshqargan konservatorlarni tez-tez hayratga solgan. Endi esa vaziyat teskarisiga o‘zgarishi mumkin. Merkel «konservatorlarni boshqargan so‘lchi» bo‘lsa, Shols esa ko‘proq «so‘lchilarga rahbarlik qiladigan konservator»ga o‘xshaydi. U 2000-yillar boshida o‘smirlik xayollaridan butunlay voz kechgan holda, partiya hujjatlaridan «demokratik sotsializm» iborasini olib tashlashga harakat qilgandi.

Shols o‘zini o‘zi odam qildi. So‘nggi yigirma yil davomida Berlin — Hamburg poyezdlarida siyosiy falsafa va sotsiologiya bo‘yicha kitoblarni o‘qib, mustaqil ravishda ilm olish bilan shug‘ullandi (U haqidagi yana bir e’tiborli ma’lumotga ko‘ra, 2000-yillar oxirida vazirlik lavozimida bo‘lganida u tunni Berlinda o‘tkazmasdi, bir yarim soat poyezdda yurib, Hamburgdagi uyiga ketardi). Buni uning tashqi ko‘rinishidan ham bilsa bo‘ladi: 20 yil muqaddam to‘ladan kelgan, yuzlari qizil bo‘lgan Shols, 40 yoshida yugurish bilan shug‘ullanishni boshladi, eshkak eshishga qiziqdi, ichkilikni tashladi hamda joriy saylovlarga bor vaqtini ishga bag‘ishlaydigan asket obrazida keldi. Pandemiya davrida bu nemislarga yoqdi. Sholsning farzandi yo‘q. U 40 yoshida uylangan. Rafiqasi Britta Ernst Brandenburg yeri ta’lim vaziri. So‘nggi yillarda ular Brandenburgning ma’muriy markazi Potsdam va Berlin shahri chekkasida yashashgan.

Bu asket va deyarli ochiq konservator o‘z fonida ekssentrik bo‘lib ko‘rinadigan vazirlarni boshqaradi. «Yashillar»dan chiqqan Qishloq xo‘jaligi vaziri Jyem O‘zdemir Germaniya tarixida kelib chiqishi turk bo‘lgan birinchi vazir. U yetti yil muqaddam balkonida turib, gul tuvagidagi marixuana butasi yonida ustidan muzdek suv quyayotgani aks etgan videoni e’lon qilgandi (ana shunday chellenj bo‘lgandi).

Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyaning eng ashaddiy tanqidchisi sifatida tanilgan. Vitse-kansler Robert Habek siyosiy kareragacha yozuvchilik qilgan. Erkin demokratlardan chiqqan moliya vaziri Kristian Lindnerni jasur g‘oyalari sabab «Germaniya uchun alternativa» partiyasi uchun «muqobil» deb atashgan. Ularning bari maqsadlari juda yuqori, muhimi, xarizmatik shaxslar. Ularning barchasi o‘zini kansler rolida tasavvur etishi mumkin. Ular nihoyat, haqiqiy hokimiyatga yetib kelishdi va tirishqoq ijrochilar roliga rozi bo‘lishlari dargumon.

Shols ko‘pchilik nemislar kabi majburiy emlash tarafdori. Biroq uning joriy etilishi siyosiy tizim uchun og‘ir sinov bo‘lishi mumkin

Shols haqidagi barcha ma’lum narsalar va uning Hamburgdagi boshqaruv uslubi qattiqqo‘l rahbarligi, yetarlicha o‘ziga ishonishi va takabburligini ko‘rsatadi. «Sholsning kuchli jihati xarizma, joziba yoki chiroyli gaplar emas. U mustahkam boshqaruvchi. Tushunishimcha, maqsadlari ulkan boshqaruvchi. Ehtimol, avtoritar hamdir, avtoritar jihatlarga ega. Tabiiyki, demokratiyada bu jihatlar xushlanmaydi», deydi Deutsche Welle sharhlovchisi Andrey Gurkov «Meduza»ga.

Aniq bir narsa deyish qiyin, ehtimol biroz yumshoq (hech bo‘lmaganda tashqi tomondan) Merkeldan keyin nemislarga Sholsning qattiqqo‘lligi ma’qul kelishi mumkin. Bundan tashqari, uch partiya koalitsiyasining maxsus sharoitlarida o‘ta xavfli avtoritar jihatlar yuzaga chiqishining deyarli imkoni yo‘q. Birinchi sinov – majburiy emlashning joriy etilishi bo‘lishi kerak. Shols ana shunday chora tarafdori.

Germaniyada, dunyodagi deyarli barcha joylarda bo‘lgani kabi emlash masalasi jamiyatni ikkiga bo‘lyapti. Mamlakat shimolida, Saksoniyada deyarli har kuni koronavirusni yengish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatiga qarshi ko‘p sonli va ruxsat berilmagan (hududda kasallanishlar ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgani uchun 10 kishidan ortiq guruh bo‘lib to‘planish taqiqlangan) mitinglar bo‘lib o‘tmoqda. O‘tgan haftada Berlin yaqinidagi Kyonig-Vusterhauzenda emlanishga qarshi bo‘lgan va telegramdagi fitna kanallarning faol o‘quvchisi hamda uning oila a’zolari jonsiz holda topilgan. Rafiqasining ish beruvchisi uning emlanganlik to‘g‘risidagi soxta ma’lumotnomadan foydalanganini bilib qolgach, u rafiqasi, uch nafar farzandi va o‘zini o‘ldirdi. O‘limi oldidan yozib qoldirgan xatda u farzandlarini tortib olishlaridan qo‘rqqanini yozgan.

Majburiy emlanishni jamiyatning katta qismi qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, uning qattiqqo‘llik bilan amalga oshirilishi – jurnalist Morits Gatmanning so‘zlariga ko‘ra – «foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin». Va an’anaviy tarzda hukumatni demokratiyaga hujum qilishda ayblab keladigan, endilikda esa «katta farma»ga xizmat qilishda ayblashi mumkin bo‘lgan «Germaniya uchun alternativa» partiyasidan bo‘lgan o‘ng populistlarning yanada mustahkamlanishiga olib kelishi mumkin. Eng yomon holatda majburiy emlash Shols uchun Merkelning 2015 yildagi migratsion inqirozi kabi bo‘lishi ehtimoli bor. O‘shanda Merkelning reytingi «bu masalani hal etish»ga bergan va’dasidan keyin eng past ko‘rsatkichga tushib ketgandi. Biroq Sholsda bu inqiroz boshqaruvning ilk davrlariga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid