17:46 / 28.09.2021
3182
Is gazidan zaharlanish, chaqnash va yong‘inlar. FVV kuz-qish mavsumida noxush vaziyatlarning oldini olishga chaqirdi

2021 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida 134ta ko‘ngilsiz hodisa va 6 mingdan ortiq yong‘inlar yuz bergan. Bu haqida AOKAda bo‘lib o‘tgan Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Davron Qambarov ma'lum qildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya va Qozog‘iston Respublikasi hududlaridan sovuq havo oqimlari kirib kelmoqda. Bunday vaziyatlarda ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishiga qaramasdan yong‘inlar, ko‘ngilsiz hodisalar soni oshishi kuzatiladi.

Davron Qambarovning ma'lumot berishicha, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish va havo aralashmasi chaqnashi oqibatida 134ta holat sodir bo‘lgan. Mazkur holatlarning 39tasi favqulodda vaziyat sifatida baholangan. Ushbu ko‘ngilsiz holatlarda 77 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 58 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Shuningdek, 2021 yilning 8 oyida respublikada 6691ta yong‘in sodir bo‘lgan, 97 kishi olamdan o‘tgan va 159 nafar shaxs jarohatlangan. Yong‘inlarning sabablari tahlil qilinganda ularning 31 foizi elektr uskunalar nosozligi, 28 foizi ochiq olovdan foydalanish, 22 foizi isitish pechlaridan noto‘g‘ri foydalanish, 10 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida yuz bergan.

 “Qish mavsumida yuz bergan yong‘inlarning har uchtadan bittasi aynan isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz moslamalardan foydalanish oqibatida yuz bergan”, deya ta'kidlaydi vazirlik mutasaddisi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida daxldor idoralar: “Hududgazta'minot” hamda energiya ta'minoti idoralari bilan birgalikda 529ta ishchi guruhlar, 204ta ta'mirlash-tiklash otryadlari tashkil etilgan.

Boshqarma boshlig‘i aholini xonadonlarda gazdan foydalanishda e'tiborli bo‘lishga, nosoz elektr isitish moslamalaridan foydalanmaslikka, turli noxush vaziyatlarda darhol 104 raqami orqali xabar berishga chaqirdi.

Top