20:05 / 28.09.2021
12261

“Siyosat o‘zgarmaguncha fuqarolik berilmaydi, deyishardi”. O‘zbekiston fuqaroligini olganlar "arosat"dagi davrlarini xotirlashdi

O‘zbekiston mustaqilligining 25 yili mobaynida atigi 482 kishi respublika fuqaroligiga qabul qilingan bo‘lsa, o‘tgan 5 yil ichida 70 mingga yaqin kishiga O‘zbekiston fuqaroligi taqdim etildi.

1991 yil 31 sentyabr. O‘zbekiston parlamenti davlat mustaqiligini e'lon qildi. Respublikada yashayotgan yosh-u qari, barcha o‘z-o‘zidan yangi bir davlat fuqarosi sifatida e'tirof etildi. Aksar ko‘pchilik bundan xursand edi albatta.

Ammo, ko‘plab vatandoshlarimizda fuqarolik masalasi muammo bo‘lib qoldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida bunga parvo qilmaganlar uchun bu ne'mat yillar o‘tib hayot-mamot masalasiga aylanib bordi. Haddan ortiq byurokratiyani deb shu zaminda tug‘ilib o‘sgan ne-ne insonlar arosatda qolgani ham bor gap.

Anvar Shamarov

«1984 yilda Toshkent tumanida dunyoga keldim. 2001 yili o‘rta maktabni bitirdim va barcha muammo shundan keyin boshlandi. Menga fuqarolik berilmasligi sababi sifatida ota-onamning Qozog‘iston fuqarosi ekanligi ko‘rsatilgan. Lekin, “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunda respublika fuqaroligini olish shartlaridan birinchisi sifatida shu yerda tug‘ilganlik belgilab qo‘yilgan. Afsuski, bu qoida menga kelganda ishlamadi. Alam qiladigan jihati shuki, tengdoshlaringiz bemalol fuqarolik pasportini oladi, siz uchun bu muammoga aylanadi.

O‘zingizni o‘zbek deb hisoblaysiz, kelajagingizni shu yurt bilan bog‘lagansiz, bor salohiyatingizni shu yurt uchun sarflamoqchisiz, biroq buning uchun sizga yo‘l ochilmagan. Qonunan haqingiz bor, lekin kimlarningdir, ayrim shaxslar tashabbusi bilan ruxsat yo‘q.

Chet elga chiqish uchun kulrang tusdagi pasport berilar edi. Shuni olib Qozog‘istonga bormoqchi bo‘lganman. O‘zbekistondan chiqishda muammo bo‘lmadi, Qozog‘istonga kirganimdan keyin, ular meni rasmiylashtirib topshirib yubormoqchi ham bo‘lishdi, chunki ularga kirish uchun viza olishim shart bo‘lganligini keyinroq bildim.

2006 yilda xususiy korxonaga ishga kirmoqchi bo‘lganimda pasportimni so‘rashgan. Men hujjatimni ko‘rsatganimda “loshadiniy pasport”mi degan. Men hayron bo‘ldim. Tushunmadim ham nimaligini. Shunda u kishi “ippodromda poyga chopadigan otlarning ham shunga o‘xshash pasporti bo‘ladi. Senda ham shunaqa, O‘zbekistonda faqat yashash huquqiga egasan, boshqa huquqqa ega emassan”, degandi.

2005 yilda yuqori lavozimli bir kishi bilan ko‘rishib, shu kishidan so‘raganman fuqarolik olish imkoniyatimni. U kishi jilmayib, sizga o‘xshaganlar ko‘p, sizlar qachonki siyosat almashsa, fuqarolik olishingizlar mumkin, deb 25 yil prezidentlik qilgan insonning suratiga ishora qilgan edi», - deb so‘zlab berdi Anvar Shamarov.

1994 yili O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan qirg‘izistonlik Mirzahmatova Jirg‘al ham bir necha farzandli bo‘lganiga qaramay, fuqarolik olish masalasida uning dardini hech kim tinglamagan. Fuqaroligi bo‘lmagani bois, o‘z yurtiga, yaqinlarini ziyorat qila olmagan. U 2012 yilda otasining janazasiga ham borolmaganini alam bilan yodga oladi.

Jirg‘al Mirzahmatova

«Otam o‘tmasdan oldin, kuniga qo‘ng‘iroq qilardi, “mazam yo‘q, qizim, kelasanmi”, derdi. 2012 yil yangi yil kunlari, otam rosa chaqirdi, borolmadim, o‘tib ketdi. Endi u holimni aytish qiyin», - deydi qirg‘izistonlik Mirzahmatova Jirg‘al.

2016 yil sentyabridan keyingina O‘zbekistonda fuqaroligi yo‘q shaxslar sifatida yashab kelayotganlarning shikoyatlari tinglandi, bu borada mavjud muammo oliy darajada e'tirof etildi. Sohada tom ma'noda islohot boshlandi.

Albatta, dastlab, bu borada ham shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmadi. 1995 yilga qadar O‘zbekistonga kirib kelganlarga fuqarolik taqdim etish masalasi ehtiyotkorlik bilan ko‘rib chiqila boshlandi.

Keyinchalik, fuqarolik va migratsiya masalalarida qator o‘zgarishlar amalga oshirilgach, 2005 yilgacha O‘zbekistonga ko‘chib kelib, fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida istiqomat qilib kelayotganlarga prezident qarorisiz, soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berish tartibi joriy etildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan qonunda, 2005 yilgacha qadar O‘zbekistonga kelib, shu yerda muqim yashab kelayotganlar yoxud 15 yil mobaynida O‘zbekistonda doimiy yashaganlarga O‘zbekiston fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi belgilandi.

Ikromjon Azizov

«Fuqarolik masalasi bo‘yicha yillar davomida murojaat qildik. 1996 yilda doimiy yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsak, 2003 yilda fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasini olganman. Andijon davlat universitetida dars o‘tayotganimda fuqaroligi yo‘q shaxslar haqida savollar bo‘lib qolsa, talabalarga o‘zimni misol keltirar edim, ammo o‘zimga juda og‘ir botardi.

Prezident tashabbusi bilan O‘zbekiston fuqaroligini oldim, behisob shukr. Boshidan o‘tkazgan tabib, deyishadi. Osongina fuqarolikni olganlar men his qilib turgan tuyg‘ularni bilmasligi mumkin. Men esa, bu narsaning issiq-sovug‘ini o‘tkazdim. Shu bois, O‘zbekiston fuqarosi degan maqom sharafli maqom ekanini yaxshi tuyaman», - dedi Ikromjon Azizov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Keling, so‘ng so‘z o‘rnida, bu borada islohotlar o‘z vaqtida o‘tkazilganining bir dalili sifatida shunchaki statistik ma'lumotlarni ko‘rib chiqsak.

 Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi taqdim etgan ma'lumotlardan ko‘rish mumkinki 2017-2021 yillar mobaynida 66 ming 147 kishiga O‘zbekiston fuqaroligi berilgan.

Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, 1992-2016 yilgacha atigi 482 kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘la olgan. E'tibor bering, 25 yil, chorak asr davomida atigi 482 kishi fuqarolikka qabul qilingan. Aytish mumkinki, shuncha yillar mobaynida fuqarolik olishga doir katta harflar bilan belgilab qo‘yilgan me'yorlar amalda ishlamadi.

BMTning qochoqlar masalalari bo‘yicha agentligining 2014 yildan keyingi davrga tegishli ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2014 yildan so‘ng 108 535 kishi fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida istiqomat qilib kelgan. 2020 yil 1 yanvar holatida bu raqam 93 ming 950 kishini tashkil etgan.

Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan raqamlar bilan qiyoslanadigan bo‘lsa, bugungi kunda 28 mingga yaqin kishi fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida yashab kelmoqda.

Bu esa boshlangan islohotlar hali yakuniga yetmaganini, oldinda qilinadigan talaygina ishlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Top