23:37 / 30.09.2021
4339
Yuzlab fransuzlar koronavirusga qarshi muddati o‘tib ketgan vaksina bilan emlangan

Fransiyada 260ga yaqin odam koronavirusga qarshi yaroqlik muddati o‘tib ketgan Pfizer vaksinasi bilan emlangan. Ularning barchasi shifokorlar tekshiruvidan o‘tkazilgan va birorta odamning sog‘lig‘ida muammolar aniqlanmagan.

Foto: Getty Images

France Bleu nashrining xabar berishicha, voqea Overn-Rona-Alp regionida yuz bergan. Mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasida ta'kidlanishicha, 6 avgust kuni ochilgan vaksina partiyasi 7 avgustdan 21 sentyabrgacha emlash uchun ishlatilgan. Vaholanki, uning yaroqlik muddati 5 sentyabrda tugagan. Ushbu partiya bilan emlanganlar orasida Luar departamentidagi 7ta kollejning yuzlab o‘quvchisi bo‘lgan.

Ularning barchasi shifokorlar tekshiruvidan o‘tkazilgan va birorta odamda muammolar aniqlanmagan. Biroq tibbiy xodimlar muddati o‘tib ketgan vaksina koronavirusdan himoyalashini kafolatlay olmasliklarini aytishgan.

Region ma'muriyati yo‘l qo‘yilgan xatoni tan olgan. Odamlarga avvalgi emlash nohaqiqiy deb topilgani sababli qayta emlanish taklif etilgan.

Top