12:52 / 02.10.2021
7780
Qarshi shahridagi mebel korxonasida sodir bo‘lgan yong‘inda 3 kishi halok bo‘ldi

«Kat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mebel korxonasida yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda uch kishi vafot etgan. Shuningdek, korxonaning bir qismi va u yerdagi mahsulotlar yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 1 oktyabr kuni soat 09:10da viloyat FVBga Qarshi shahar «Kat» MFY, Nasaf ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish korxonasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Mazkur xabarga asoslanib yong‘in bo‘layotgan joyga 5 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi jo‘natilgan. Ular soat 09:13da voqea joyiga yetib borgan. Soat 09:16da yong‘in qurshab olingan va soat 09:26da o‘chirilgan.

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida korxonaning taxminan 200 metr kvadrat maydoni ichidagi mahsulotlar yonib ketgan. Qutqaruvchilar tomonidan 800 metr kvadrat maydon va undagi mahsulotlar yong‘indan asrab qolingan.

Shuningdek, yong‘inda kuygan 3 nafar fuqaro qutqarilib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyat filialiga yuborilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ular vafot etgan.

Ta'kidlanishicha, hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Mavzuga oid
Top