13:59 / 07.10.2021
4644
Tanqiddan so‘ng Boysundagi yorilgan suv quvuri ta'mirlanayotgani ma'lum qilindi
Foto: Boysun tumani hokimligi

2021 yil 6 oktabr kuni Kun.uz’da Surxondaryo viloyati Boysun tumanida suv quvuri yorilgani, oqibatda ichimlik suvi isrof bo‘layotgani haqida tanqidiy videolavha va xabar berilgandi. Mazkur xabar yuzasidan Boysun tumani hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi. Unga ko‘ra yorilgan suv quvuri ta'mirlanmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Kun.uz’da e'lon qilingan video aks etgan joy Boysun tumanidagi Dahnaijom mahallasi hududida joylashgan. Bugun, 7 oktabr kuni yorilgan suv quvuri «Suvinspeksiya» Surxondaryo viloyati hududiy inspeksiyasi, «Surxondaryo suv ta'minot» MChJ hamda Boysun tuman suv ta'minot bo‘limi xodimlari tomonidan ta'mirlanmoqda.

Foto: Boysun tumani hokimligi
Foto: Boysun tumani hokimligi

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oktabr oyida Kun.uz’da «Boysun tumanida uch kun ichida 7,5 mln so‘m ariqqa oqib ketyapti» sarlavhali lavha e'lon qilingandi. O‘shanda muammo bartaraf etilgani haqida munosabat ham berilgandi.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 44,6 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanmagan. Viloyatda 2021-2023 yillar davomida 138 million dollarlik loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilyapti. Natijada viloyatning o‘ndan ortiq tumanlarida aholining suv ta'minoti bilan bog‘liq muammolariga yechim topilishi aytilgan.

Top