16:08 / 08.10.2021
2878
Maqsuda Vorisova farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova saylovchilar bilan uchrashuvini Farg‘ona viloyatida davom ettirdi. Bu haqda partiya axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati

2021 yil 7 oktyabr kungi uchrashuvda Maqsuda Vorisova saylovoldi dasturi yuzasidan ma'ruza qilib, farg‘onaliklarni undagi ustuvor yo‘nalishlar bilan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod o‘z ma'ruzasida olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun “Qishloq shifokori” va “Qishloq o‘qituvchisi” dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash, aholining kam ta'minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun sarmoya kiritishni ko‘paytirish lozimligi ham qayd etildi.

“Qishloq infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va texnologiyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritishni ko‘paytirish ham muhim vazifa hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda qayta ishlash korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish kerak. Ushbu vazifalar hal qilinishi orqali sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar bilan ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularning narxi keskin o‘sib ketishining oldini olish mumkin”, – dedi Maqsuda Vorisova.

Maqsuda Vorisova bundan oldin saylovoldi tashviqotini Andijon viloyatida olib borgandi.

Top