13:32 / 13.10.2021
17400
Jizzaxda iste'molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlarini tayyorlab Toshkentga jo‘natib yurgan shaxslarga chora ko‘rildi
Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida chorva mollarining ichki a'zolaridan iste'molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlarini tayyorlab Toshkentga jo‘natib yurgan shaxslarga chora ko‘rilgan. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Eski Toshkentlik mahallasi Nurafshon ko‘chasida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qilgan. Ular o‘z murojaatida mahalladagi hovlilardan biridan har doim qo‘lansa hid tarqalishini va bu holatning oldini olish bo‘yicha chora ko‘rishni so‘ragan.

Shundan so‘ng, Ekologiya boshqarmasi Sharof Rashidov tumani inspektorlari tomonidan murojaatda aytilgan manzilda o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishda aniqlanishicha, Sharof Rashidov tumani Eski Toshkentlik mahallasi Nurafshon ko‘chasida yashovchi ikki nafar fuqaro o‘z hovlisida sanitariya qoidalariga zid ravishda chorva mollarining ichki a'zolarini yuvib, tuzlab go‘sht mahsulotlari tayyorlagan. Ular o‘zlari tayyorlagan mahsulotlarni Toshkent viloyatiga jo‘natib kelgan.

Qayd etilishicha, ular chorva mollarining ichki a'zolaridan chiqayotgan, maxsus poligonlarda ko‘mib yuborilishi lozim bo‘lgan turli chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirgan. Bu esa mahalla ahliga noqulayliklar tug‘dirgan va ularning noroziligiga sabab bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, ekologiya qoidalarini buzgan ikki nafar fuqaroga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima solingan. Bundan tashqari, ularga so‘yilgan chorva mollarining ichki a'zolarini tozalash ishlari aholi punktlaridan 500 metr uzoqlikda bo‘lishi haqida ko‘rsatma berilgan.

Mavzuga oid
Top