12:24 / 14.10.2021
17527
Buxgalterlar DSQdan norozi: Tovar-moddiy boyliklarni ochiqlash talab qilinmoqda

2022 yildan boshlab QQS to‘lovchilar tovar-moddiy boyliklarini E-aktiv'ga kiritishi kerak. Qator korxonalar hisobchilari bundan norozi. Soliq qo‘mitasining fikricha, ular omborlardagi “ostatkasi”ni davlatga ko‘rsatgisi kelmayotgani uchun ham yangi tartibni xushlamayapti.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxslar uchun asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni DSQning E-aktiv avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish majburiy bo‘ladi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, E-aktiv'ga quyidagi ma'lumotlar kiritilishi lozim:

  • hisobga qo‘yish (xarid qilish, qurish), yo‘lga qo‘yish, qayta baholash va AV obektlari, nomoddiy aktivlarni va TMRni boshqarish, shuningdek, ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalar;
  • o‘z qiymatini yo‘qotishi (yaroqsizligi, saqlash muddatining o‘tishi, jismoniy va ma'naviy eskirishi, yetishmovchiligi, yo‘qotilishi, zarar ko‘rishi) tufayli xo‘jalik faoliyati jarayonida TMRni hisobdan chiqarish – 3 ish kuni mobaynida.

Bu tizim nega kerak?

Tizim tadbirkorlik sub'yektlariga:

— onlayn rejimda, ombordagi mahsulotlar hisob-kitobini yuritish, uning kirimi va qoldig‘ini nazorat qilish;

— bitta yoki bir nechta elektron omborlar barpo etish hamda ularning har biri bo‘yicha alohida hisobini yuritish imkonini beradi.

Nazorat qiluvchi organlarga, jumladan, DSQ:

— kirim qilinmagan tovarlarni sotish holatlarini bartaraf etish;

— tovarlar realizatsiyasini nazorat qilish, shu orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga yordam beradi.

Norozi hisobchilar nima deydi?

Ushbu yangilikni ko‘plab korxonalar hisobchilari yaxshi kayfiyat bilan kutib olmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda E-aktiv tizimi bilan bog‘liq yangilik hisobchilar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ular tomonidan bildirilgan ayrim fikrlarni keltirib o‘tamiz:

— “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun har xil byurokratik tartiblarni ko‘paytirish o‘rniga, soliqlarni adolatli qilish kerak, tamom”.

— “Barcha tovar-moddiy boyliklarni kecha-yu kunduz dasturlarga kiritamiz. O‘zi buxgalterlar oddiy ish va hisobotlarni bajarishga vaqt topolmaydilar. Bayramlar va dam olish kunlari, xayr!”

— “Biznes ombudsmanlarimiz qayerga qarashayotganini, umuman bu Konstitutsiyaga va boshqa huquqlarga qanchalik mos kelishini tushunmayapman”.

Soliq qo‘mitasi nima deydi?

Kun.uz korxona hisobchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamasiga Davlat soliq qo‘mitasining munosabati bilan qiziqdi. Qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Nazarovning ta'kidlashicha, yangi dasturga ma'lumotlarni yuklash hech qanday ovoragarchiliklarni tug‘dirmaydi.

“Bu korxona hisobchilarining bahonasi, xolos. Buxgalterlar qaysi programmani ishlatayotgan bo‘lsa, masalan, 1S yoki o‘zlari Excel'da hisobini yuritayotgan bo‘lsa, shu dasturga bittada avtomat yuklanadi.

Ular o‘zlarining omboridagi “ostatkasi”ni ko‘rsatgisi kelmaydi. Ular baribir har bir mahsulotni o‘zlari sotib olganda va kirim qilganda schyot-faktura orqali qabul qiladi. Ya'ni ularda bu ro‘yxat o‘zlari ishlatadigan dasturda yoki Excel'da bor, o‘shani E-aktiv'ga yuklab qo‘ysa bo‘ldi. Hech nima yangidan qilinmaydi. Kirim qilinmagan (“leviy”) mahsuloti bo‘lsa, o‘shani kiritish kerak bo‘ladi xolos, mana shu yoqmayapti ularga, chunki noqonuniy mahsuloti ko‘rinib qoladi”, – dedi DSQ mas'uli.

Savdo-sanoat palatasi yangi tartibga qarshi

Savdo-sanoat palatasi normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholab boradi. Palata Kun.uz so‘roviga javoban hukumatning yuqoridagi qarori loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan ekspertiza xulosasini taqdim etdi.

SSP ushbu hujjatni tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga salbiy ta'sir qilishi mumkinligi borasida xulosa bergan va unga qarshi pozitsiya bildirgan.

Yangi tizim barcha korxonalarga tatbiq etilishi mumkin

Qarorga muvofiq, tovar-moddiy resurslar harakatlanishi hisob-kitobini E-aktiv tizimida aks ettirish aprobatsiyasida 31 tashkilot ishtirok etmoqda. 2022 yilning 1 yanvaridan barcha QQS to‘lovchilar va ustav fondida 50% va undan ortiq davlat ulushiga ega korxonalar undan foydalanishi shart.

Biroq kelgusida ehtimol qolgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ham bunda ishtirok etishi mumkin. Tizimning ish natijalari tahlil etilgach, 2022 yilda u barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga tatbiq etiladimi yoki yo‘qligi yuzasidan qaror qabul qilinadi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Top