21:56 / 14.10.2021
2500
Maqsuda Vorisova ijtimoiy tovarlar narxlari ustidan qat'iy nazoratni o‘rnatishini bildirdi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash masalasiga alohida yondashmoqda.

Foto: Xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati

“Ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari va tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me'yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat'iy o‘rnatish lozim” – deyiladi nomzodning saylovoldi dasturda.

Vorisova bu borada quyidagilarni amalga oshirishni va'da qilgan:

— ilg‘or xorijiy tajriba hamda universal xalqaro hujjatlarning tavsiyalari va me'yorlarini hisobga olgan holda, ishlab chiqarish sohasida davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash;

— aholining kam daromadli qatlamlarini hayot uchun zarur arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;

— sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini ichki iste'mol bozorini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bilan to‘ldirishga yo‘naltirish;

— mamlakatimizda ishlab chiqarish resursi va imkoniyati bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari, boshqa kundalik zarur tovarlarni import qilish bo‘yicha soliq va bojxona tizimida moslashuvchan choralarni amalga oshirish.

Bundan tashqari, dasturda rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, kam daromadli oilalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga kundalik ehtiyojdagi oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlarni arzon narxlarda sotadigan ijtimoiy do‘konlar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha xayriya faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish zarurligi qayd etilgan.

Top