09:00 / 19.10.2021
8800
Samarqand davlat tibbiyot institutining 800 o‘rinli binosi foydalanishga topshirildi

18 oktyabr – Samarqand shahri kunida Samarqand davlat tibbiyot institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda shahar jamoatchiligi, institut professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar qatnashdi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, mazkur obektning qurilishi 2017 yilda boshlangan bo‘lib, qisqa muddatlarda qurib bitkazildi. Binoda 12 ta kafedra, 200 dan ortiq o‘quv xonalari, 15 ta laboratoriya xonalari mavjud. Barcha xonalar zamonaviy multimediya va IT texnologiyalar, interaktiv doska, oxirgi rusumdagi laborator uskunalar va planshet monitorlar bilan jihozlandi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

“Bugun bevosita mamlakatimizda ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasiga berilayotgan e'tibor natijasini ko‘rib turibmiz. Mana, institutimizning asosiy o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur binoda yaratilgan qulayliklar bizga xalqaro raqobatga bardosh bera oladigan mutaxassislarni tayyorlashimizda zamin yaratadi.

Biz joriy yildan boshlab yangi – besh kunlik o‘quv tizimiga o‘tdik. Ya'ni talabalarimiz besh kun dars jadvali bo‘yicha o‘quv jarayonida qatnashishsa, oltinchi kuni mustaqil tayyorlanish kuni hisoblanadi. Professor-o‘qituvchilarimiz uchun esa metodologik kun, deb e'lon qilindi. Demak, endi talaba va o‘qituvchilarimiz darsdan bo‘sh kunlarida ilm bilan shug‘ullanishadi, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlashadi. Qolaversa, ellikdan ortiq kafedralarimiz qoshidagi to‘garaklar faoliyati yanada jonlanadi.

Bugun oliy ta'lim keng isloh qilinyapti. Xususan, mamlakatimizda oliy ta'limga qamrov 9 foizdan 25-30 foizga ko‘tarildi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich ellik foizgacha ko‘tarilishi kutilyapti. Bu bevosita institutimizga ham ta'sir qildi. Masalan, to‘rt yil avval to‘rt ming nafar talabalar tahsil olgan bo‘lsa, bugunga kelib talabalar soni qariyb sakkiz mingga yaqinlashdi.

Aytish mumkinki, yangi topshirilgan bino institut ehtiyojining bir qismini qoplaydi. Institutning aksariyat kafedralari Samarqand shahridagi tibbiy profilaktika muassasalarida joylashgan bo‘lib, bu bo‘lajak shifokorlarimizning bevosita amaliyot olib borishi uchun qulaylik yaratadi”, deydi institut rektori, professor Jasur Rizayev.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Bir vaqtning o‘zida binoda 800 nafar talaba amaliyot o‘tashi, ma'ruzalarda qatnashishi mumkin. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida bino Wi-Fi bilan ta'minlandi. Shuningdek, kutubxona, kompyuter xonalari va oshxona mavjud.

Ayni vaqtda Samarqand davlat tibbiyot institutida 600 dan ortiq xorij talabalari ham tahsil olmoqda.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati Ⓣ

Top