13:22 / 21.10.2021
40827
Navoiyda 1 mlrd budjet pulini talon-toroj qilgan mansabdor hokim tomonidan mukofotlandi

Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yusuf Tursunov sud hukmi bilan mansabdor bo‘lish huquqidan mahrum qilinib, axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan. Ammo u Kun.uz surishtiruviga qadar lavozimidan bo‘shatilmay keldi. Davlatning 1 mlrd 53 mln so‘mini talon-toroj qilgan mansabdor, bu ham yetmagandek, hokim farmoyishiga asosan rag‘batlantirilgan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ning Facebook sahifasida 14 oktyabr kuni e'lon qilingan maqolalardan birining ostiga foydalanuvchilardan biri Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yusuf Tursunov sud hukmi bilan mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa ham, o‘z lavozimida qolayotgani haqida izoh qoldirdi.

Shundan so‘ng bu masala tafsilotlarini o‘rganishga qaror qildik. Taassufki, izoh qoldirgan foydalanuvchi haq bo‘lib chiqdi.

Yusuf Tursunov katta miqdordagi budjet mablag‘ini sheriklari bilan qanday o‘margan?

Sud hukmiga ko‘ra, Yusuf Tursunov 2019 yilda boshqarma bosh hisobchisi U.Xafizov, “Paradise System Servise” MChJ mansabdor shaxslari bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 690 dona ko‘cha chirog‘ini sotib olish uchun (har birini 1 million 204 ming so‘mdan) jami 997 million 50 ming so‘m mablag‘ni jamiyat hisob raqamiga ko‘chirgan.

Ekspertiza xulosasiga asosan, mazkur turdagi chiroqning bir donasi 384 ming so‘m bo‘lgan. Shu tariqa, ko‘chirilgan pulning 264 million 960 ming so‘miga 690 dona chiroq olingan, 732 million so‘mi esa talon-toroj qilingan.

Yusuf Tursunov jinoiy harakatlarini davom ettirib, boshqarma bosh hisobchisi U.Xafizov, “Immortal Grand Savdo Service”MChJ mansabdor shaxslari bilan til biriktirgan holda ikkinchi bor yana shu “uslub”da budjet mablag‘ini o‘margan. Bu safar har biri 384 ming so‘m bo‘lgan 700 dona “Slatek LED Street Light-200W” ko‘cha chirog‘i 650 ming so‘mdan hamda har birining donasi 272,2 ming so‘m bo‘lgan 650 dona “Energomax EMX-0103/150W” ko‘cha chirog‘i 480 ming so‘mdan sotib olingan. Talon-toroj qilingan summa esa 321 million 220 ming so‘mni tashkil etgan.

Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Yusuf Tursunov jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2021 yil 4 martdagi hukmiga asosan, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, JKning 45-moddasi qo‘llangan holda 1 yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga tortiladi.

Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 18 avgustdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmiga qisman o‘zgartirish kiritilib, Yusuf Tursunovga tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosi muddati 3 yildan 2 yil 7 oyga qisqartiriladi. Unga tayinlangan mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazo o‘zgarishsiz, o‘z kuchida qoladi.

Mansabdor bo‘lish huquqi cheklangan shaxs nega lavozimida qolgan?

E'tiborli tomoni shundaki, sudning Yusuf Tursunovni mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi hukmi 2021 yil 18 avgust kuni kuchga kirgan.

Ammo u o‘zi 2018 yildan buyon egallab kelayotgan lavozimida qolgan. Uni hech kim ishdan bo‘shatmagan, lavozimidan olinmagan.

Bundan-da ahamiyatli jihati esa, Tursunovga qo‘llanilgan bu jazodan Navoiy shahar hokimligining ham xabari bo‘lgan.

Kun.uz bilan gaplashgan Navoiy shahar hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Jasur Aslonov Tursunovning lavozimidan olinmaganini uning Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat kiritgani bilan asoslashga urindi.

Tahririyat kassatsiya shikoyati tegishli sudlov hay'ati ish yurituviga qabul qilingan yoki yo‘qligi, shuningdek hukmni ijro etish to‘xtatilgan yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish maqsadida Oliy sudga so‘rov yubordi. Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning ma'lum qilishicha, Tursunovning kassatsiya shikoyati kelib tushgan va ish ko‘rib chiqish uchun yurituvga qabul qilingan. Ammo hukm ijrosini to‘xtatib turish bo‘yicha ajrim chiqarilmagan.

Jinoyatchiga rag‘batlantirish, qolganlarga zambarakning o‘qimi?

Aslida lavozimda qolishining o‘zi qonunga xilof bo‘lgan Tursunov 2021 yilning 31 avgust kuni Navoiy shahar hokimi Muhiddin Bozorovning farmoyishiga asosan, mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan oylik maoshining 1 barobari miqdorida rag‘batlantirilgan.

Davlatning milliardlab pullarini o‘zlashtirmagan, biroq bayramda rag‘batlantirilmagan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ushbu holatga guvoh bo‘lgach ko‘ngillaridan nima o‘tganini tasavvur qilish qiyin emas.

Yusuf Tursunov lavozimidan ozod etildi. Bo‘rini qo‘ra ichida qoldirganlar jazolanadimi?

Kun.uz ayni masala yuzasidan surishtiruv o‘tkazayotgan bir vaqtda Yusuf Tursunov Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etilgani aytildi.

Yusuf Tursunov ikki oy davomida lavozimni g‘ayriqonuniy tarzda egallab kelgani hamda unga budjetdan ish haqi va rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanishiga yo‘l qo‘yib bergan mas'ullarning tegishli javobgarligi masalasi ko‘rib chiqilishi lozim bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, Yusuf Tursunov Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunovga qarindosh emas.

Top