18:46 / 21.10.2021
17934

Super-kontrakt to‘lash boshlandi, vaksina uchun chegirmalar muddati uzaytirildi

Tabaqalashtirilgan to‘lov uchun to‘lovlarni amalga oshirish boshlanganligi hamda to‘lov kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarga 2021−2022 o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov kontraktiga 10 foiz miqdorida chegirma bonusi berilishi muddati 15 noyabrga qadar uzaytirilgani ma'lum qilindi.

Tabaqalashtirilgan to‘lov (super-kontrakt)ni 2021 yilning 20 noyabriga qadar amalga oshirish mumkin. 10 foizlik chegirma olish uchun emlanganlik haqidagi sertifikatni 15 noyabrga qadar Oliy ta'lim muassasasiga taqdim etish kerak.

“O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan 2021/2022-o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilmagan, biroq tabaqalashtirilgan (super) to‘lov shartnoma asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etildi.

Shu munosabat bilan siz t-kontrakt.edu.uz platformasi orqali onlayn shaklda yoki siz o‘qish istagini bildirgan oliy ta'lim muassasasiga bevosita murojaat qilgan holda to‘lov kontrakt-shartnomasini rasmiylashtirishingiz mumkin. To‘lovlarni amalga oshirish muddati 2021 yil 20 noyabrga qadar etib belgilandi. Bunda to‘lovning 50 foizi amalga oshirilgan taqdirda abituriyentni talabalikka qabul qilish bo‘yicha oliy ta'lim muassasasi rahbarining buyrug‘i rasmiylashtiriladi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan talabalarga chegirma berish muddati uzaytirildi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, vaksinatsiya qilingan to‘lov kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarga 2021−2022 o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov kontraktiga 10 foiz miqdorida chegirma bonusi berilishi haqida xabar berilgandi. Keyinroq bu tartib faqat kunduzgi ta'limda o‘qiyotgan talabalarga amal qilishi ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng vazirlik ko‘pchilik tomonidan qilingan murojaatlarni inobatga olgan holda vaksina olgan sirtqi yoki kechki ta'limda o‘qiyotgan talabalarga ham kontrakt to‘lovida 10 foizlik chegirma berilishini ma'lum qilgan edi.

Ma'lumot uchun, bu yil bakalavriatning sirtqi shakliga 37,6 ming, kechki shakliga 6,5 ming nafar, kunduzgi shaklga esa kamida 113,5 ming nafar talaba qabul qilingan.

Top