16:48 / 25.10.2021
986
NDPIda ikki oylik stipendiyaning nima uchun kechiktirilayotgani ma'lum bo‘ldi
Foto: Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati

Facebook'dagi «Xalq nazorati» jamoatchilik guruhida Gulnara Xojametova ismli foydalanuvchining Nukus davlat pedagogika institutida sentyabr-oktyabr oylari uchun stipendiyaning nima uchun kechiktirilayotgani haqidagi murojaati e'lon qilindi. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati vaziyat yuzasidan izoh berdi.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda institutda 2021-2022 o‘quv yilida davlat granti asosida o‘qiydigan yuqori kurs talabalari 1606 nafar bo‘lib, ushbu talabalarning barchasiga sentyabr hamda oktyabr oylari uchun jami 916 mln 449 ming so‘m miqdorida stipendiya to‘langan.

Davlat granti asosida 1-kursda tahsil olayotgan talabalardan 666 nafariga sentyabr oyi uchun jami 356 mln 499 ming so‘m miqdorida naqd pul shaklida stipendiyalar to‘langan.

Ta'kidlanishicha, talabalarga oktyabr oyi uchun stipendiya tez orada naqd pul shaklida to‘lab berilishi ta'minlanadi. Shu bilan birga, ularga kelgusi oylarga stipendiya to‘lash maqsadida bank plastik kartalarini ochish uchun tegishli xizmat ko‘rsatuvchi bankka so‘rovnomalar yuborilgan.

Institut ma'muriyatiga ko‘ra, hozirgacha stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan hamda shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan summani to‘lagan jami 150 nafar talabaning sentyabr va oktyabr oylari uchun jami 74 mln 258 ming so‘m miqdoridagi stipendiyalari to‘liq to‘lab berilgan.

Oldinroq NDPIda talabalarga imtihon savoli keltirilmasdan faqat javob variantlari keltirilganligi yuzasidan izoh berilgandi.

Top