22:28 / 28.10.2021
36472
Boks bo‘yicha JChda kun yakunlari: O‘zbekiston jamoasining yana bir vakili turnirni erta tark etdi

Lazizbek Mullajonov eronlik bokschidan ustun kelib, keyingi bosqichga yo‘l oldi, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev navbatdagi raqibni mag‘lub etdi, amaldagi jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov amerikalik bokschiga yengilib, ilk bosqichdayoq musobaqani tark etdi.

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Serbiya mezbonligida o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida 28 oktabr kungi bahslarda O‘zbekiston jamoasining uch nafar vakili ringga chiqdi. 

Dastlab -57 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mirazizbek Mirzaxalilov amerikalik Jamal Harveyga qarshi ringga ko‘tarildi. 

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Birinchi raundda o‘zbekistonlik sportchi ochkolar bo‘yicha yutqazdi. Ikkinchi raundni u o‘z foydasiga hal bo‘ldi. Ammo uchinchi raundda yana amerikalik raqib ustunlik qildi. Yakunda 5 hakamning uch nafari AQSh vakilini g‘olib deb topdi (3:2) va amaldagi jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov bu safargi chempionatni ilk bosqichdayoq yakunladi.

+92 kg vazn toifasi vakili Lazizbek Mullajonov turnirdagi ishtirokini eronlik Amiri Puriyaga qarshi jang bilan boshladi. Dastlabki ikki raundda ustunlikka erishgan Mullajonov yakunda 4:1 hisobida g‘olib bo‘ldi va keyingi bosqichga o‘tdi.

Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Uning keyingi bosqichdagi raqibi buyuk britaniyalik Delikous Oriye bo‘ladi.

-67 kg vazn toifasida ringga chiqayotgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa turnirdagi ikkinchi jangida, 1/16 final bosqichida falastinlik tajribali bokschi, 30 yoshli Ahmed Hararaga qarshi jang qildi. Uch raund davomida ustunlik qilgan Mo‘ydinxo‘jayev yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va jahon chempionatidagi yurishini davom ettirdi. U birinchi bosqichda irlandiyalik raqib to‘sig‘idan o‘tgandi.

Bugungi bahslardan keyin musobaqani tark etgan o‘zbekistonlik bokschilar soni uch nafarga yetdi. Bundan avval 26 oktabr kuni Hasanboy Do‘smatov qozog‘istonlik raqibiga imkoniyatni boy berib, o‘z ishtirokini yakunlagandi. 27 oktabr kuni Shohjahon Abdullayev nokautga uchrab, musobaqani tark etdi.

29 oktabr kuni o‘zbekistonlik bokschilardan to‘rt nafari ringga ko‘tariladi:

  • -54 kg. Shahobiddin Zoirov — Tamir Galanov (Serbiya)
  • -60 kg. Abdumalik Halokov — Fabio Roseli / Jasin Lyama
  • -71 kg. Shahram G‘iyosov — Farhad Murodi (Eron) / Aslanbek Shimbergenov (Qozog‘iston)
  • -92 kg. Madiyor Saidrahimov — Vladislav Smyaglikov (Belarus) / Joshua Vasike (Keniya).
Top