12:05 / 30.10.2021
51662

Video: Jizzaxdagi futbol uchrashuvida ommaviy mushtlashuv ro‘y berdi

Jizzaxdagi o‘yin oxirida futbolchilar asablarini jilovlay olishmadi, o‘yinda jami 11 futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Kubogining 1/4 finali doirasida Jizzaxda bo‘lib o‘tgan o‘yinda «So‘g‘diyona» «Nasaf»ni qabul qildi. 

Uchrashuv mezbonlarning 0:1 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugadi, o‘yindagi yagona gol 54-daqiqada «Nasaf» vakili Shohmalik Komilov tomonidan penaltidan urildi va qarshiliklar ushbu uchrashuv natijasiga ko‘ra (chorakfinal bir o‘yindan iborat) yarimfinalga yo‘l oldi.

O‘yin asabiy ruhda kechdi, bosh hakam jami 11 futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatdi.

O‘yinning oxirgi daqiqalari asabiy ruhda kechdi, 90-daqiqada maydon markazida «Nasaf» himoyachisi va klub sardori Umar Eshmurodov «So‘g‘diyona» hujumchisi Bahodir Nasimovni boshi bilan zarba berib, yiqitdi. Ammo bu vaziyatni bosh hakam Ilgiz Tantashev e'tiborsiz qoldirdi. O‘yinda VAR yo‘q edi, aks holda qarshiliklar himoyachisi qizil kartochkaga loyiq topilishi mumkin edi. 

Aynan shu holat o‘yin yakunlangach, ommaviy tartibsizlikka sabab bo‘ldi. Eshmurodov, shuningdek, jizzaxliklar klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev bilan tortishib qolgan. Shundan so‘ng mahalliy muxlislar stadion tunneliga kirayotgan Eshmurodovga qarata turli buyumlarni uloqtirgan. Tartibni saqlash xodimlari orani ochiq qilishga o‘tgan futbolchilarni ajratishga uringan. 

Videolarda kelishmovchilik stadion tunnelida ham davom etganini ko‘rish mumkin.

«Eshmurodov va Nasimov o‘rtasida kelishmovchilik avval ham bo‘lgan»

O‘yindan keyin dastlab qarshiliklar jamoasi ustozi Ro‘ziqul Berdiyev jurnalistlar savollariga javob qaytardi. U mojaroning asosiy ishtirokchilari - Umar Eshmurodov va Bahodir Nasimov o‘rtasida avvaldan kelishmovchilik bo‘lgani haqida aytdi.

«So‘g‘diyona» o‘zi kurashuvchan jamoa, raqibga ham kurash taklif qiladi. Bugun futbolchilarga kurashlarda yutqazmaslik haqida ko‘rsatma berilgandi. O‘yin davomida tartibli harakat qildik. Aynan shuning evaziga yutdik, deb o‘ylayman.

Ha, o‘yin oldidan OFK kubogi haqida ham o‘ylagandik. Chunki bor e'tiborimiz bu turnir g‘olibligiga qaratilgan. Shu bois bugun aksariyat o‘yinchilarni zaxirada qoldirdik. Chunki kuchni turnirlarga to‘g‘ri taqsimlashimiz kerak. Yigitlar ishonchni oqlashdi.

Umar Eshmurodovni intizomiy jazoga tortamanmi? Bu futbol. O‘yin hissiyotlarga boy o‘tdi. Bilsanglar, Bahodir Nasimov va Umar Eshmurodov o‘rtasida oldin ham kelishmovchilik yuz bergandi. Ular yosh futbolchi emas, bu borada chuqurlashmadik. Bu futbolchilar mag‘lubiyatni ham, g‘alabani ham to‘g‘ri qabul qilishlariga umid qilaman. Eshmurodov bilan alohida gaplashib olamiz. Bugun u hissiyotlarini jilovlay olmagandir, ammo chegaradan chiqib ketgani yo‘q», deya Ro‘ziqul Berdiyevning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Mezbonlar ustozi Ulug‘bek Baqoyev o‘yin oxiridagi vaziyatga ortiqcha to‘xtalmadi. U hakamlarga e'tirozi yo‘qligi, faqat futbolchilarga e'tirozi bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Hakamlarga baho beradigan qo‘mita bor. Hozir bunga izoh berishim qiyin», dedi u.

PFL hozircha holat yuzasidan rasmiy ma'lumot bermadi.

O‘zbekiston Coca-Cola kubogi.

Chorak final. 29 oktabr, juma

SO‘G‘DIYoNA – NASAF - 0:1 (0:0)

Jizzax. «So‘g‘diyona» stadioni. 2450 tomoshabin.

Hakamlar: Ilgiz Tantashev, Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin, Ilya Ilin

Nazoratchi: Aleksandr Popov

Komissar: Jahongir Rahmatullayev.

Gol: Shohmalik Komilov, 54-pen. (0:1).

«So‘g‘diyona»: Milan Mitrovich, Elyor Orifov, Ayubxon No‘'monov (Bahodir Nasimov, 63), Iskandar Shaykulov (Jasur Hakimov, 81), Jamshid Boltaboyev, Shohruz Norxonov (Darko Stanoyevich, 82), Shahboz Jo‘rabekov, Ergash Ismoilov (Javohir Qahramonov, 46), Luka Chermel, Sahob Rashidov (Jasur Hasanov, 46), Marko Kolakovich.

«Nasaf»: Azamat Soyibov, Alibek Davronov, G‘olib G‘aybullayev, Murodbek Rahmatov (Bahrom Abdurahimov, 68), Doniyorjon Narzullayev (Oybek Bozorov, 68,), Jo‘rabek Mannonov, Husayn Norchayev (Andriya Kaluderovich, 68), Suhrob Nurulloyev, Sherzod Nasrullayev, Shohmalik Komilov (Umarbek Eshmurodov, 86), Marko Stanoyevich (Akmal Mozgovoy, 68)

Ogohlantirishlar: Sahob Rashidov, 24, Ayubxon No‘'monov, 40, Luka Chermel, 42, Jamshid Boltaboyev, 65, Iskandar Shaykulov, 70, Elyor Orifov, 85, Javohir Qahramonov, 90+4 - Azamat Soyibov, 56, G‘olib G‘aybullayev, 73, Bahrom Abdurahimov, 76, Suhrob Nurulloyev, 90+3.

Top