12:24 / 02.11.2021
5513
Guterrish: «Insoniyat iqlim masalalariga e'tibor qaratmay, o‘ziga o‘zi qabr qazimoqda»

BMT bosh kotibi «bioxilmaxillikni masxara qilish», «o‘zimizni uglerod bilan o‘ldirish»ga chek qo‘yishga chaqirdi.

© P Photo/Alberto Pezzali

So‘nggi olti yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillar bo‘ldi. Issiqxona gazlari bilan kurash borasidagi barcha va'dalarning bajarilishi ham yaqin o‘n yilliklarda sayyoradagi haroratning 2 darajadan ko‘proq ortishiga olib keladi. Bu haqda BMT iqlim o‘zgarishi haqidagi 26-konferensiyasida ishtirok etgan bosh kotib Antonio Guterrish ma'lum qildi.

«Parij kelishuvlari imzolanganidan buyon so‘nggi olti yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillar bo‘ldi. Bizning qazib olinadigan yonilg‘i turlariga qaramligimiz insoniyatni tubsizlikka olib boradi. Og‘ir tanlov oldida turibmiz: yo biz bu jarayonni to‘xtatamiz, yo u bizni to‘xtatadi. «Bas, yetar» deyish vaqti keldi. Bioxilmaxillikni masxara qilish, o‘zimizni uglerod bilan o‘ldirish, tabiatga chiqindi o‘rasi sifatida munosabatda bo‘lish, yoqish, yanada chuqurroq qazishga bas, yetar deyish vaqti keldi. Axir biz o‘zimizga qabr qaziyapmiz», dedi u.

Guterrish Yer sayyorasi okean tubidan tortib, to tog‘ cho‘qqilarigacha ko‘z o‘ngimizda o‘zgarayotganiga ishora qildi. «Dengiz sathi 30 yil oldingiga qaraganda ikki marta tezroq ko‘tarilmoqda. Okeanlar har qachongidan ham issiqroq va isishda davom etmoqda. Amazoniya o‘rmonlarining bir qismi yutganidan ko‘ra ko‘proq issiqxona gazlarini chiqarmoqda.

Iqlim muammolari bo‘yicha so‘nggi bayonotlar vaziyatni o‘zgartiradigandek tasavvur uyg‘otishi mumkin. Bu illyuziya. Issiqxona gazlari chiqindilariga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatlarning hissasi haqidagi so‘nggi hisobot dunyoda harorat Tselsiy bo‘yicha 2,7 daraja halokatli ko‘tarilish tomon ketayotganini ko‘rsatmoqda. So‘nggi va'dalarga ishonsak ham, ularga ham jiddiy savollar bor, baribir iqlim falokatiga qarab ketyapmiz. Hatto optimal ssenariyda ham harorat Tselsiy bo‘yicha 2 darajadan ko‘proq ko‘tariladi.

Ana shu fursatda biz mazkur iqlim masalalariga bag‘ishlangan konferensiyani ochyapmiz, biz falokatga qarab harakatlanishda davom etmoqdamiz. Yoshlar bu haqida biladi. Har bir mamlakat buni ko‘rishi mumkin. Kichik orol davlatlar u bilan yuzma-yuz kelishdi. Ular uchun mag‘lubiyat – variant emas, mag‘lubiyat – o‘lim hukmidir», - deya ta'kidladi Guterrish.

BMT bosh kotibi atmosferaga nol chiqindilar bo‘yicha nodavlat o‘yinchilar majburiyatlari tahlili bilan shug‘ullanuvchi ekspertlar guruhi tuzilishi haqida ma'lum qildi.

«Ishonch defitsiti va chiqindilarni qisqartirish hamda turli ma'no va o‘lchovdagi nol chiqindilar maqsadlari bo‘yicha chalkashliklar bor. Shuning uchun Parij iqlim kelishuvlari doirasida mavjud mexanizmlardan tashqari nodavlat o‘yinchilarning nol chiqindilar bo‘yicha majburiyatlari bo‘yicha aniq o‘lchov standartlarini shakllantirish va tahlil qilish uchun ekspertlar guruhi tashkil etilishini e'lon qilaman.

Biz zaif jamoalarni iqlim o‘zgarishi xavfidan himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak. So‘nggi o‘n yillikda 4 milliardga yaqin kishi iqlim bilan bog‘liq falokatlardan zarar ko‘rdi», - dedi Guterrish.

U rivojlanayotgan mamlakatlar chiqindilarni samarali qisqartirish uchun ko‘proq harakat qilishlari kerakligini ta'kidlagan.

Konferensiya haqida

1 noyabr kuni Glazgoda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy 26-konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Konferensiya ikki hafta davom etadi. Konferensiya o‘tgan yili bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi, biroq uni o‘tkazish muddatlari COVID-19 pandemiyasi tufayli o‘zgartirilgandi. Glazgodagi forum ishida qatnashish uchun 20 ming kishi, jumladan, 120dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari tashrif buyurishgan. U yerda issiqxona gazlariga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatlar majburiyatlarini kuchaytirish masalasi muhokama qilinmoqda. 

Mavzu
Iqlim o‘zgarishlari
Iqlim o‘zgarishlari natijasida Yer yuzining turli nuqtalarida ekstremal ob-havo kuzatilmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top