14:54 / 03.11.2021
11669
O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish 31 foizga qisqardi, benzin ishlab chiqarish biroz o‘sgan

2021 yilda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 67,5 mingtaga kam avtomobil ishlab chiqarilgan. 2019-2021 yillar oralig‘ida eng kam avtomobil joriy yilga to‘g‘ri keladi.

Foto: Statistika qo‘mitasi

Statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida 815,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, 2020 yilning shu davrida 769,1 ming tonna ishlab chiqarilgan. Raqamlar benzin ishlab chiqarish 46,1 ming tonnaga yoki 5,7 foizga o‘sganini ko‘rsatadi. 

Tahlillarga ko‘ra, avtomobil benzini ishlab chiqarish va import hajmi ortganiga qaramay, narxlar 26,9 foizga qimmatlashgan. 

Statistik raqamlar O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi sezilarli qisqarganini ko‘rsatadi. 2021 yil yanvar-sentyabrda 150 183 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Biroq 2020 yilning shu davrida 217 771 dona ishlab chiqarilgan. Bu yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi 31 foizga qisqarganini ko‘rsatadi. 

2019 yilning shu davrida esa 186 432 dona avtomobil ishlab chiqarilgani hisobga olinsa, 2021 yil 3 yillikda eng kam mahsulot ishlab chiqarilgan davr hisoblanadi. 

Avtomobil ishlab chiqarish kamaygani sabablari borasida joriy yilning may oyida «O‘zavtosanoat» axborot xizmati tushuntirish bergandi.

Ma'lum qilinishicha, ishlab chiqarishning keskin qisqarishiga mikrochiplar yetkazib berishdagi uzilishlar sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top