14:02 / 03.11.2021
20716

Ronaldu yana qutqardi, Messining vorisi «Barsa»ga g‘alaba keltirdi. YeChLda kun o‘yinlari

Seshanba kuni Chempionlar ligasi guruh bosqichida 4-tur uchrashuvlari o‘tkazildi va pley-offning dastlabki ishtirokchilari ma'lum bo‘ldi.

Foto: MATTHEW PETERS/GETTY IMAGES

«MYu» — triller bo‘yicha birinchi

F guruhi
«Atalanta» — «Manchester Yunayted» — 2:2
(Ilichich, 12. Sapata, 56 — Krishtianu Ronaldu, 45+1, 90+2)

Oldinga muammolardan tog‘ yasab, keyin undan qahramonlik qilib o‘tish — «qizil iblislar»ning sevimli odatiga aylandi. Ular yevrokubok o‘yinida gol o‘tkazib yuborishi — deyarli aksioma. So‘nggi o‘n besh o‘yinda faqat o‘tgan yili «Leypsig»ning tor-mor etilishi (5:0) istisno bo‘lgan. Ole Gunnar Sulsherning baxtiga, unda navbati bilan qahramonliklar ko‘rsatuvchi Supermen bor.

29 sentabr, «Old Trafford». Krishtianu Ronaldu qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada «MYu»ga «Vilyarreal» ustidan irodali g‘alaba keltirdi (2:1).

20 oktabr, voqea joyi o‘sha. Portugaliyalik futbolchi o‘yin oxirini haqiqiy trillerga aylantirdi, «Atalanta»ga qarshi 0:2 hisobida yutqazayotgan jamoa 3:2 hisobida g‘alaba qilib ketdi.

2 noyabr, Bergamo, yana bir konsert. Ilichichning birinchi bo‘limdagi goliga mehmonlar fantastik darajada chiroyli kombinatsiya bilan javob qaytarishdi - bu hujum oxirida Brunu Fernandesh tovoni bilan ortga pas tashlab berdi va Krishtianu to‘pni darvozaga mixladi. Lekin bu hali hammasi emasdi. Ikkinchi bo‘limda arbitr videotakrordan keyin Sapataning golini hisobga oldi, demak Ronaldu yana Supermenga aylanishi talab etilardi. Bu esa uning uchun oddiy ish, qo‘shib berilgan daqiqalarda futbol qo‘llanmalariga kiritsa bo‘ladigan zarbasi bilan jamoasini yana bir bor qutqardi.

Bu chindan ham aql bovar qilmas hodisa. «Oltin to‘p»ning besh karra sohibi jamoa Sulsherni qo‘llab-quvvatlashi kerak ekanini aytgandi va buni o‘zi uddalamoqda. Norvegiyalik mutaxassis undan har qancha minnatdor bo‘lsa arziydi, Bergamodagi o‘yinda Krishtianu «MYu» safidagi gollari soni bo‘yicha uni quvib o‘tib, gollari sonini 127taga yetkazgan bo‘lsa ham (norvegiyalik mutaxassis jami 366 o‘yinda bu natijaga erishgan, portugaliyalikka uni ortda qoldirish uchun 303 o‘yin yetarli bo‘ldi).

Ronalduning bu o‘yindagi boshqa natijalari:

  • «MYu» safida YeChLda 2+ gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi — 36 yosh 270 kun. Umuman, turnir tarixida esa faqat Filippo Indzagi undan oldinda — 2010 yil, 37 yosh 86 kunligida.
  • «MYu»dagi gollarini 127taga yetkazib, Sulsherni (126) ortda qoldirdi. 
  • Bu mavsumda 15ta bahsda 15ta to‘p kiritdi. 
  • Mankunianliklar tarixida 2003 yildan so‘ng YeChLda ketma-ket 4 o‘yin gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Oxirgi bor van Nistelrooy bunga erishgan (qatorasiga 9 bahsda to‘p kiritgan). 
  • Turnirdagi gollarini 139taga yetkazib, o‘z rekordini yangilashda davom etmoqda.

Bu natijadan keyin italiyaliklar turnir jadvalida «Vilyarreal»ni oldinga o‘tkazib yuborishdi.

«Vilyarreal» — «Yang Boyz» — 2:0 (Kapue, 36. Groneveld, 89)

So‘nggi kunlarda Unai Emeri haqida ko‘p gapirishdi, ammo bu gaplar uning hozirgi jamoasi haqida emas, yangi murabbiy izlashda davom etayotgan «Nyukasl» haqidadir. Britan nashrlari versiyasiga ko‘ra ushbu bask — «qarg‘alar»ning nomzodlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda qayd etilgan, aftidan bu mish-mishlar «sariq submarinalar»ga xalal bermoqda. «Vilyarreal» La Liganing so‘nggi uch o‘yinida bir ochko oldi va «Valensiya»ga qarshi derbini boy berdi, ammo Yevropada barchasi joyiga tushdi.

Lekin omadning ham o‘rni yo‘q emas. Masalan, hisob 1:0 ekanida arbitr «Yang Boyz»ning golini bekor qildi. Keyin darvozabon Ruli juda oldinga chiqib ketganida Raul Albiol to‘pni deyarli darvoza chizig‘ida to‘xtatib qoldi. Ispanlar faqat Groneveldning golidan keyin yengil tin olishdi, unga o‘yinda hisobni ochgan Kapue assistentlik qildi.

23 noyabr. «Vilyarreal» — «Manchester Yunayted», «Yang Boyz» — «Atalanta».

Nagelsmanning qaytishiga yana 5ta gol

Foto: UEFA

Ye guruhi
«Bavariya» — «Benfika» — 5:2
(Levandovski, 26, 61, 84. Gnabri, 32. Sane, 49 — Morato, 38. Nunes, 74)

Yulian Nagelsmann nihoyat koronavirusdan tuzaldi va murabbiylik o‘rindig‘iga qaytdi. Bu «Bavariya» uchun kun voqeasi bo‘lishi ham mumkin edi, ammo shu kuni Levandovskining yubileyiga to‘g‘ri keldi - polshalik forvard Chempionlar ligasida 100-o‘yinini o‘tkazdi. Ungacha Anri, Ibrahimovich, Krishtianu Ronaldu, Pirlo va Kroos shunday yubileylarni nishonlagan.

Polshalik mergan Komanning pasidan keyin deyarli darvoza chizig‘i ustida turgan holda boshi bilan darvozani ishg‘ol etib, bu o‘yin ham portugallar uchun qiyin kechishiga ishora berdi. Bir necha daqiqa o‘tib uning pasidan keyin Gnabri tovoni bilan to‘pni darvoza to‘ri sari yumalatib yuborib, hisobdagi farqni oshirdi. O‘yin voqealari Lissabondagi ssenariy bo‘yicha kecha boshladi. 

Lekin bu o‘yinda «burgutlar» baribir Noyyer darvozasini ishg‘ol etishning uddasidan chiqishdi, Levandovski esa bo‘lim oxirida penaltidan Vlaxodimosni alday olmadi. U Chempionlar ligasida ilk marta 11-metrdan gol urolmadi, bungacha 14 zarbasida darvozabonlarga imkon qoldirilmagandi. Lekin «Benfika» posboni Levandovskining YeChLdagi 80 va 81-gollari urilishini biroz kechiktira oldi, xolos. Levi — haqiqiy mashina, uning YeChLdagi samaradorlik ko‘rsatkichiga teng keladigani yo‘q. Har o‘yinda o‘rtacha 0,81 gol — bu Messi va Ronalduning ko‘rsatkichlaridan yaxshiroq!

«Bavariya» birinchilardan bo‘lib 1/8 final yo‘llanmasini hal qildi.

Ko‘k-anorranglilar — Ye guruhida ikkinchi o‘rinda

Foto Reuters

«Dinamo» K — «Barselona» — 0:1 (Ansu Fati, 70)

«Dinamo K»: Bushchan, Karavayev, Kendzera (Tymchik, 77), Sirota, Zabarniy, Garmash (Vitinyu, 71), Sidorchuk, Buyalskiy (Shepelev, 81), Shaparenko (Lednev, 81), de Pena (Verbich, 77), Tsigankov.
«Barselona»: ter Shtegen, Jordi Alba, Langle (Arauxo, 79), Garsiya, Mingesa, Buskets, F.de Yong, Gavi (Dembele, 65), Gonsales, Depay, Fati (Balde, 87).
Ogohlantirishlar: Garsiya, 20. Garmash, 41. Buyalskiy, 45. Gavi, 46. Langle, 50.
Hakam: Hatsegan (Ruminiya).
2 noyabr. Kiyev. «NSK Olimpiyskiy» stadioni.

Mavsumda muammolar girdobiga botib qolgan «Barselona»ning Kiyevga safari ikki hafta oldingi o‘zaro o‘yindagidan ham yomonroq edi. Kataloniyaliklar bosh murabbiy Ronald Kumanni iste'foga chiqarishgan, avvalgi o‘yindagi yagona gol muallifi Jyerar Pike tizzasidagi jarohat tufayli safdan chiqqandi. Yanada yomonrog‘i Serxio Aguero bilan bog‘liq. Mavsum startini jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan argentinalik hujumchi shanba kuni Ispaniya chempionatida «Alaves»ga qarshi o‘yinda (1:1) yuragida og‘riq paydo bo‘lgach, maydonni tark etgandi. Tekshiruvlarning ko‘rsatishicha, 33 yoshli futbolchida aritmiya bor va u yana kamida uch oyga safdan chiqdi.

Hozircha Serxi Barxuan qo‘li ostida shug‘ullanayotgan «Barsa» o‘yin boshidan to‘pni nazorat qilishga kirishdi. Mehmonlar birinchi bo‘limda maydon egalari himoyasini yorib o‘tishga ham muvaffaq bo‘lishgandi, ammo so‘nggi lahzada markaziy himoyachi Ilya Zabarniy Memfis Depayning xavfli pozitsiyadan turib bergan zarbasini to‘sib qoldi.

Ammo ko‘p o‘tmay «Dinamo» to‘pni o‘z darvozasi atrofidan uzoqlashtira boshladi. Ukrainlar mezbonlarga xos tarzda o‘yin ko‘rsatishga kirishdi, endi «Barselona» jarima maydoniga qamalishga majbur bo‘ldi. Birgina Nikolay Shaparenkoning o‘zi ikkita golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi. 

Birinchi bo‘lim davomida kataloniyaliklar raqib darvozasi sari biror marta aniq zarba yo‘llay olishmadi. Tanaffusga qadar Kleman Langlening zarbasi darvoza ustuniga tegdi, ammo bu vaziyatda u ofsaydda edi, shuningdek, Niko Gonsalesning urinishi himoyachilar tomonidan bartaraf etildi.

Ikkinchi bo‘lim boshida «Barsa» yana tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. 63-daqiqada Ansu Fati «Dinamo» jarima maydonida o‘z oyog‘ini o‘zi tepib oldi. Epizoddan uzoqroqda bo‘lgan Hatsegan nuqtani ko‘rsatdi, ammo videotakrordan keyin u qarorini bekor qildi.

Ammo yosh hujumchi baribir o‘z golini urishga erishdi. Oskar Mingesa o‘ng qanotdan jarima maydoni ichida turgan Usmon Dembeleni mo‘ljallab pas uzatdi, ammo to‘p himoyachiga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi va Fatining oyog‘iga bordi. Endilikda Leo Messi o‘rniga 10-raqamda to‘p surayotgan va «Barselona»ning asosiy aktivi bo‘lib qolgan ispaniyalik bunday sovg‘adan foydalandi va Georgiy Bushchan qo‘riqlayotgan darvozaning ustuni ostiga to‘pni yo‘lladi.

Lekin hozirgi «Barselona» bunday o‘yinlarni xotirjamlik bilan yakunlab qo‘yish holatida emas. So‘nggi daqiqalarga qadar kataloniyaliklarning muxlislari yuraklarini hovuchlab o‘tirishdi. Mark-Andre ter Shtegen bir necha marta o‘z mahoratini ishga solishiga to‘g‘ri keldi. «Barselona» so‘nggi daqiqalarda to‘pni o‘z jarima maydoni atrofidan uzoqlashtirish bilan band bo‘ldi.

Ammo asosiysi — uch ochko qo‘lga kiritildi, Kumanning iste'fosidan keyingi ilk g‘alaba jamoani Ye guruhida ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Kiyevliklar esa Chempionlar ligasi pley-offiga chiqish imkoniyatini yo‘qotishdi, ammo ular hali Yevropa Ligasiga o‘tish uchun kurashishi mumkin.

23 noyabr. «Dinamo» K — «Bavariya», «Barselona» — «Benfika».

«Sevilya» cho‘kmoqda

G guruhi
«Volfsburg» — «Zalsburg» — 2:1
(Baku, 3. Nmecha, 60 — Veber, 30)

Hozircha «Zalsburg»ning yangilangan versiyasi ham turnir guruh bosqichining eng yorqin jamoalaridan biri bo‘lmoqda. Bakuning tezkor goli ham avstriyaliklarni gangitib qo‘ya qolmadi va ular birinchi bo‘lim davomida Veberning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasi orqali hisobni tenglashtirishdi, ushbu himoyachi asosiy yevrokubokda ilk bor o‘z nomini tabloga yozdirdi. Lekin ikkinchi bo‘limda ushbu himoyachi o‘yin taqdirini hal qilgan xatoga ham yo‘l qo‘ydi. Avvaliga raqibni ofsaydda ushlashda to‘g‘ri pozitsiya tanlay olmadi, keyin Nmechega zarba berishiga xalaqit berolmadi.

«Bo‘rilar» Mark van Bommelning iste'fosidan keyin yana g‘alaba qozona boshladi, niderlandiyalik mutaxassis Germaniya klubida ish boshlagach, jamoani bundesliga yetakchilari safiga qaytarib, YeChLga chiqqandi, ammo joriy mavsumda sakkiz o‘yinlik g‘alabasiz seriyadan keyin unga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Florian Kofeldt bilan «Volfsburg» ilk o‘yinda safarda «Bayyer»ni mag‘lub etgandi, endi so‘nggi besh yillikda yevrokuboklardagi ilk g‘alaba nishonlandi.

«Sevilya» — «Lill» — 1:2 (Okampos, 15 — Devid, 43, penalti. Ikone, 51)

Andalusiyaliklar qatorasiga uch durangdan keyin o‘z uyida mag‘lubiyatga uchrashdi, holbuki mezbonlar o‘yinni juda yaxshi boshlashgandi. Agar avvalgi uch turda Xulen Lopetegi jamoasi doimiy ravishda hisob ortidan quvgan bo‘lsa, seshanba kuni ular ilk marta o‘yinda hisobni ochishdi. YeChLda oxirgi marta «Monako» safida 2014 yilda gol urgan Okampos darvozabondan qaytgan zarbani to‘rga joylab qo‘ydi, ammo shundan keyin jamoasi uchun ko‘zga ko‘rinarli ish qilib bera olmadi. Birinchi bo‘lim oxirida Dileynining ahmoqona foli uchun penalti belgilanganishi o‘yinning burilish nuqtasiga aylandi, ikkinchi bo‘lim boshida Ikonening zarbasi darvoza ustuniga tegib to‘rdan joy olishi mehmonlarga sensatsion g‘alaba keltirdi.

23 noyabr. «Lill» — «Zalsburg», «Sevilya» — «Volfsburg».

Tuxelda yana «quruq» g‘alaba

N guruhi
«Malmyo» — «Chelsi» — 0:1 (Ziyosh, 56)

Dastlabki 45 daqiqalikda shvedlar jamoasi nafaqat «Chelsi»ga qarshi turish, balki tengma-teng kurash olib borish mumkinligini namoyish etdi. Qolaversa, Skandinaviyaga safar oldidan raqib bu jamoaning dastlabki uch turdagi yirik mag‘lubiyatini bir chekkaga surib, o‘yinga jiddiy yondashishi kerakligi, Tomas Tuxelning shvedlarning agressiv o‘yin uslubi haqidagi gaplari — shunchaki raqibni hurmat qilish uchun aytilmagani isbotini topdi. Mezbonlarning hujumdagi xavfli harakatlari Mendi o‘z himoyachilariga dakki berishiga sabab bo‘ldi.

Ammo klass o‘z so‘zini aytdi. Senegallik darvozabon Chempionlar ligasida 12-marta darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi,  «Malmyo» futbolchilari unga gol urish maqsadida ochilishga majbur bo‘lishdi, himoyada yuzaga kelgan kichik bo‘shliqdan «Chelsi» o‘z vaqtida foydalandi. Ikkinchi bo‘limning birinchi qismida o‘ng qanotda Haversdan to‘pni qabul qilib olgan Hadson-Odoi kesik pas bilan raqib jarima maydoniga kirib kelgan Ziyoshni to‘p bilan ta'minladi va u to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Joriy mavsumda avgust oyida Yevropa Superkubogi uchun o‘tgan bahsdan buyon gol urmagan yarimhimoyachi uchun bu YeChLdagi sakkizinchi goldir, endi u YeChLdagi sermahsul marokashliklar orasida yetakchilikni Marvan Shamah bilan bo‘lishib turibdi. O‘yindagi yana bir yodda qolarli voqea ikki yarim oydan beri jarohatini davolashda bo‘lgan Pulishichning maydonga qaytishi bo‘ldi.

«Yuventus» — «Zenit» — 4:2 (Dibala, 11, 58, penaltidan. Keza, 73. Morata, 82 — Bonuchchi, 26, avtogol. Azmun, 90+2).

Avtogol muallifi Bonuchchi dubl muallifi Dibalani quchmoqda Foto AFP

«Zenit» 2008 yil sentyabrida ham Turinda «Yuventus»ga qarshi o‘ynagan, o‘shanda italyanlar grandi safida Buffon, Trezege, Nedved, Kamoranezi, Del Pero kabilar to‘p surardi... O‘yindagi yagona gol Malafeyevning xatosidan keyin urilgan, «Keksa sinora» 1:0 hisobida g‘olib bo‘lgan, ammo peterburgliklarni hech kim buning uchun ayblamagandi, chunki bu ularning YeChLdagi debyuti edi.

13 yil o‘tib «Zenit»ga munosabat o‘zgardi — bu turnirning doimiy ishtirokchisi, Rossiya premer-ligasining amaldagi g‘olibi va hozirgi yetakchisi. Ammo «Yuve»ga qarshi bu safar uchrashuv oldidan ham hech kim ulardan g‘alaba kutmayotgandi va hech kim ularga mag‘lubiyat uchun tosh otmasdi. Qolaversa, bu o‘yin boshlanishiga yarim soat vaqt qolganida «Chelsi» «Malmyo»dan uch ochko oldi, bu esa «Zenit» g‘alaba qozongan taqdirda ham ikkinchi o‘ringa ko‘tarila olmasligini anglatardi.

«Yuventus» uchun esa bu o‘yinning ahamiyati yuqori edi. Allegri ham o‘yindan oldingi matbuot anjumanida bu haqda gapirdi. Murabbiy g‘alaba «Yuve»ga pley-off yo‘llanmasini taqdim etishi, bu esa bor e'tiborini A Seriya o‘yinlariga qaratishiga imkon berishini ta'kidladi. Hozirda turinliklarning ichki chempionatdagi ishlari chatoq. «Yuve» so‘nggi ikki o‘yinda yutqazdi va 9-o‘ringa tushib ketdi, shunday ekan jamoa muxlislar ko‘z oldida ham o‘zini oqlab olishi kerak edi.

Allegri «Verona»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin jamoaning barcha futbolchilarini klub bazasida olib qoldi va bu aftidan «Yuventus»ga foyda bergan. «Zenit» ilk daqiqalardanoq kuchli bosim ostida qoldi, dastlabki 20 daqiqalikda mezbonlar hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi. Dibalaning zarbasi ustunga tegdi, Bernardeski va Morata qulay imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi. Lekin mezbonlar baribir hisobni ochishdi — Dibala keyingi urinishida Kritsyukka imkon qoldirmadi.

Mezbonlar o‘yinga haddan tashqari ehtiros bilan berilib ketishdi va 26-daqiqada Bonuchchi o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Javob golidan keyin «Yuventus»ning shashti pasaydi va tanaffusga qadar hisob o‘zgarmay qoldi.

Birinchi bo‘limdan keyin mehmonlarda umid paydo bo‘lgandi, ammo tanaffusdan qaytib «Yuventus» uni sovuqqonlik bilan o‘ldirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida ispaniyalik hakamlar brigadasi penalti belgiladi, Dibala birinchi urinishda zarbani aniq ijro etolmadi. Ammo referi zarba berilishidan oldin piterliklar jarima maydoni ichiga kirib ketganini qayd etdi va argentinalik hujumchi ikkinchi urinishda aniq harakat qildi.

Umuman olganda, ikkinchi bo‘lim birinchisiga o‘xshash kechdi — «Yuventus» 15-20 daqiqa davomida mehmonlarga tinchlik bermadi. Lekin birinchi bo‘limdagidan farqli o‘laroq piterliklar munosib javob qaytara olishmadi. Natijada Keza hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Keyin hisob yirik ko‘rinishga keltirdi — Morata himoyachilarni ham, Kritsyukni ham ortda qoldirib, to‘rtinchi golni urdi.

Semak o‘yinni qutqarishga urindi. So‘nggi 15 daqiqalikda hujum chizig‘ida futbolchilar soni oshib ketdi - Azmun ham, Dzyuba ham, Yeroxin ham maydonda edi. O‘yin oxirida hatto yosh Kuznetsov ham maydonga tashlandi. Natijada qo‘shimcha daqiqalarda Azmun bir javob golini urdi - 4:2. Endi rossiyaliklar Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqishi dargumon, lekin ularda Yevropa Ligasida o‘ynash uchun imkoniyatlar yaxshi. «Malmyo»ga qarshi keyingi uchrashuv — hal qiluvchi bo‘ladi.

23 noyabr. «Chelsi» — «Yuventus», «Malmyo» — «Zenit».

Kun statistikasi
20 yoshdan katta bo‘lmagan 3 futbolchi — Gavi, Ansu Fati va Niko Gonsales — «Barselona» safida Kiyevdagi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga chiqdi. Bu ispan klublari orasida Chempionlar ligasida qayd etilgan shu kabi ilk holatdir.

Dibala «Yuventus»ning YeChL guruh o‘yinlarida 18 gol urishga ulgurdi. Argentinalik futbolchi bu borada Filippo Indzagini ortda qoldirdi va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha uchinchi o‘ringa chiqdi, 42 bor gol urgan Del Pero ancha ilgarilab ketgan.

22 yoshu 102 kunlik — «Zalsburg» tarkibidagi futbolchilarning o‘rtacha yoshi (zaxiradan tushganlar hisobga olinganda). Bu turnir tarixidagi «Arsenal»dan keyingi eng yosh jamoa — 2009 (21 yoshu 127 kunlik).

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top