10:12 / 04.11.2021
3315

Janubiy afrikalik yozuvchi 2021 yilgi Buker mukofoti sovrindori bo‘ldi

Janubiy afrikalik yozuvchi Deymon Gelgut 2021 yil uchun Xalqaro Buker mukofotini qo‘lga kiritdi. Sovrindorni mukofotlash marosimi 3 noyabrda Londonda bo‘lib o‘tdi.

Foto: Getty Images

Gelgut nufuzli mukofot bilan “Va'da” (The Promise) deb nomlangan asari uchun taqdirlangan. Ushbu roman Janubiy Afrikada yashovchi oq tanli oila haqida bo‘lib, undagi voqealar 1980-yillardan boshlanadi. Romanda o‘layotgan oq tanli ayol o‘z turmush o‘rtog‘idan ularga tegishli fermani qora tanli xizmatkor ayolga qoldirishga va'da berishini so‘raydi. Biroq er va'dani bajarmaydi va bu butun oila uchun o‘nlab yillar davomida go‘yoki “qarg‘ish”ga aylanadi. 

Yozuvchi, shuningdek, 50 ming funt sterling (88 ming dollar) miqdoridagi pul mukofoti bilan ham taqdirlangan.

Gelgut mukofotni barcha afrikalik yozuvchilarga bag‘ishlashini aytgan.

“Bu yil Afrika adabiyoti uchun ajoyib yil bo‘ldi. Ushbu mukofotni aytilgan va aytilmagan barcha voqealar, buyuk qit'aning eshitilgan va eshitilmagan yozuvchilari nomidan qabul qilishni istardim. Men ham ushbu qit'aning bir qismiman”, deb aytgan Gelgut marosimdagi nutqida.

“Joriy yilda Nobel sovrindori Afrikadan bo‘lgani va Bukerni afrikalik olgani, Afrika ovozi tobora jaranglayotganini taxmin qilishga ijozat beradi”, deb ta'kidlab o‘tgan yozuvchi.

Oktyabrda arab millatiga mansub tanzaniyalik yozuvchi Abdulrazzoq Gurna adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindoriga aylandi. 3 noyabrda esa senegallik yozuvchi Muhammad Mbugar Sarr Fransiyaning adabiyot sohasidagi eng nufuzli mukofoti – Gonkur mukofoti bilan taqdirlangani ma'lum bo‘ldi.

Gelgut Buker mukofoti uchun kurashda dunyoning turli burchaklaridan bo‘lgan, asarlari Britaniya va Irlandiyada 2020 yil 1 oktyabrdan keyin chop etilgan 158 yozuvchini ortda qoldira olgan.

2020 yil uchun Bukerni 29 yoshli niderlandiyalik Marika Lukas Reyneveld “Noqulay kecha” asari uchun qo‘lga kiritgandi. E'tiborlisi, u mukofotning eng yosh sovrindoriga aylangandi.

2004 yilda tashkil etilgan Buker mukofoti adabiyot sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. 2016 yildan boshlab u ingliz tilida kitob yozgan yoki asari Britaniyada nashr etilgan yozuvchilarga berila boshlangan.

Mavzuga oid
Top