14:20 / 04.11.2021
2881
O‘zbekiston ilm-fanni rivojlantirish uchun Jahon bankidan 50 mln dollar qarz olmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu mablag‘ nimalarga sarflanishi haqida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Foto: Getty Images

Innovatsion rivojlanish vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirayotganini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 5 yil davomida olimlarga ilm-fanga oid loyihalar uchun mablag‘lar taqdim etiladi.

“Olimlarga kredit emas, beg‘araz grantlar beriladi”

Loyiha grant boshqaruvchisi Temur Hikmatullayevning aytishicha, O‘zbekiston ilm-faniga bu qadar yirik mablag‘ xorijiy bank tomonidan birinchi marta ajratilmoqda. 5 yil davomida o‘zlashtiriladigan 50 mln dollar qarz kelgusida davlat budjetidan qaytariladi.

“2021 yil 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasida moliyaviy bitim imzolandi. Unga ko‘ra, bu mablag‘lar 2022-2026 yillarda o‘zlashtiriladi.

Olimlarga kredit emas, beg‘araz grantlar beriladi. Bunda faqatgina xalqaro ekspert kengashi tomonidan shaffof saralangan va tavsiya etilgan loyihalar moliyalashtiriladi.

Loyihalarning mavzusiga cheklov qo‘yilmagan, ya'ni ilm-fanning istalgan yo‘nalishida taklif bildirish mumkin. Biroq bu xalqaro loyiha bo‘lgani uchun Jahon banki tomonidan qayta tiklanadigan energiya manbalari, iqtisodiy va jamiyatdagi muammolarni hal qiladigan, xususan, Covid-19'ga qarshi kurashish masalalariga oid loyihalar ko‘proq qo‘llab-quvvatlanadi”, dedi mas'ul.

50 mln dollar qanday taqsimlanadi?

Vazirlik matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, mablag‘lar bir necha yo‘nalishlarga grant sifatida ajratiladi.

Xususan, qariyb 10 mln dollar respublikada ilmiy tadqiqot sifatini oshirish dasturi uchun beriladi. Bunda yosh olimlar ilmiy tadqiqotlarini moliyalashtirishga 200 ming dollargacha, katta ilmiy xodimlar uchun 600 ming dollargacha grant mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Xabar qilinishicha, loyihalar tanlov asosida saralanadi va ayni paytda ushbu tanlov boshlangan. Unda ishtirok etish uchun ilm-fanning barcha sohalari bo‘yicha takliflar bildirilishi mumkin.

Yana bir dastur – ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalariga biznes-investitsiya. Buning uchun ham 10 mln dollar ajratiladi.

Qayd etilishicha, har bir loyihani moliyalashtirish miqdori 300 ming dollardan 600 ming dollargacha.

Shu bilan birga, innovatsion salohiyatni rivojlantirish dasturiga 10 mln dollar yo‘naltiriladi. Mazkur yo‘nalish orqali ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlash maqsadida xususiy ishlab chiqarish korxonalariga sifat sertifikatlari va kichik hajmli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishlari uchun 50 ming dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratiladi. Laboratoriya va sinov uskunalari xarid qilinadi.

Ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish dasturiga 4 mln dollar beriladi. Bu yo‘nalishda har bir loyiha uchun 75 mingdan 150 ming dollargacha grant ajratiladi. Shuningdek, ilmiy tashkilotlarni modernizatsiya qilish uchun 6 mln dollar yo‘naltiriladi.

Qolgan mablag‘lar ilm-fan, texnologiya, innovatsiya sohalaridagi siyosatni ishlab chiqish va islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan strategik loyihalarga, konsultant va konsalting kompaniyalarni jalb etish ishlariga ajratiladi.

Ma'lumot uchun, 2021 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun 514,2 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.

Top