12:50 / 08.11.2021
16851
«Uyida chaksa uni yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir» - yozuvchi Ulug‘bek Hamdam Toshkent viloyatida qurilishi rejalangan haykal haqida
Foto: Kun.uz

Taniqli yozuvchi Ulug‘bek Hamdam Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlab juda katta mablag‘ evaziga qurilishi rejalashtirilgan majmua yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Unga ko‘ra, o‘zbek amaldorlari xalq orasidagi «Uyida chaksa uni yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir» maqolidan kelib chiqib ish ko‘rsa, O‘zbekiston gulistonga aylanib ketardi.

«Oh, mening dono xalqim. Ko‘pni ko‘rgan donishmandim.

Qani endi bu, Xudoyim to‘g‘ri yo‘lga solgur ayrim amaldorlarimiz, sening maqollaring mag‘zini chaqib, ulardan xulosa chiqarib yashasa-yu yurtimiz gulistonga aylansa.

O‘zbekistonda Zulfiya opa qismatini yoritib berguvchi yaxshi bir film ishlandi. Elning e'tibori qaratildi, duolar qilindi. Mamlakatning hozirgi holida bir inson qismatiga shu e'tiborning o‘zi juda katta yaxshilik. Bu ishning yaxshilik ekanini aytdik, mana, yana aytyapmiz.

Tag‘in e'tibor ko‘rsatmoqchi bo‘lsalaring, otangizga boz rahmat, deymiz. Lekin har bir narsaning o‘z o‘rni, yo‘rig‘i, me'yori, usuli bor, axir. Odamlarimiz topib aytayotganidek, ana, o‘sha regionga kerakli shifoxonami, maktabmi qurib, opaning nomi bilan atanglar.

«Mening ota-onam «Zulfiya shifoxonasi»da davolanib chiqishdi, shifoxonamisan shifoxona, do‘xtirlari zo‘r. Baraka topishsin. «Zulfiya»ga boringlar, «Zulfiya»ga», yoki «Mening o‘g‘lim «Zulfiya»da o‘qidi-da, o‘shanchun institutlarga kirib ketdi. O‘qituvchilariga balli. Siz ham qizingizni «Zulfiya maktabi»ga bering, aylanay», deya el-yurt gapirsa, duolar qilsa, qanchalar yaxshi. Duo Zulfiya opa va uning o‘g‘illariga borsa, shifoxona-yu maktabdan kelgan foyda elga tegadi. Yoki yo‘qmi?!..

Yahudiylarning «pul topishdan oldin, uni sarflashni o‘rgan!» degan bir maqoli bor.

Biz topgan yoki qarz olgan pulimizni hasham-u to‘yga, haykal-u beton binolarga sarflab, kelajak degan daraxtning ildiziga bolta uryapmiz, ha. 100 yil burun shuni aytib jadid bobolarimiz kuyib-yonib ketishgandi.

Hozirda xalqimizning asosiy qismi o‘rtachadan ham pastroq, ya'ni uyida chaksa unsiz holda kun ko‘rayotgan bir paytda bitta haykalga xalqning pulidan shuncha mablag‘ (28 milliard so‘m-a!!!) ajratish tom boshiga qo‘sh tandir o‘rnatish deganidir.

Xalq uyini, omborini unga to‘ldirib qo‘ying, keyin qo‘sh tandir nima bo‘pti, ming tandir quring, yarashadi. Aks holda... aks holda, ko‘pchilik aytayotganidek, «pul yuvish operatsiyasi» degan tamg‘adan qochib qutulib bo‘lmaydi», — deya yozadi Ulug‘bek Hamdam.

Ma'lumot uchun, II jahon urushida besh o‘g‘lini yo‘qotgan Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlab, Nurafshon shahrida haykal va yodgorlik majmuasi qurish uchun 28,4 mlrd so‘m (2,6 mln dollardan ortiq) mablag‘ ajratilgani jamoatchilikning keskin tanqidlariga sabab bo‘lmoqda.

Top