11:26 / 11.11.2021
6746
SSV tizimidagi ko‘p tarmoqli klinika faoliyatida 9,7 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi

Aksilkorrupsiya agentligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi ko‘p tarmoqli klinikasida budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, ishlamagan xodimlar uchun oylik to‘lash va davlat xaridlari sohasida ko‘plab moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan hamda to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi ko‘p tarmoqli klinikasida budjet mablag‘lari foydalanilishi va qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.

Agentlikning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘rganishda Klinika mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan budjet mablag‘larining maqsadsiz sarf qilinishi, o‘zlashtirish va talon-toroj qilish holatlari, aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari to‘lab kelinishi, tibbiyot texnikalaridan foydalanish, pulli tibbiy xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi, davlat xaridlarini amalga oshirishda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Xususan, o‘rganish yakuni bo‘yicha Klinika faoliyatida jami 9 milliard 747 million 598 ming so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Shundan 586 million 798 ming so‘mlik budjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani ma'lum bo‘ldi.

Mavjud aniqlangan holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.

Shuningdek, taqdim etilgan hujjatlar asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi ko‘p tarmoqli klinikasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top