10:56 / 12.11.2021
5795

“O‘zbekneftgaz”: Qarshi shahrida Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda

Avval xabar berganimizdek, 2021 yil 11-12 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida “Neft va gaz, elektr energetika, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati” mavzusidagi hududiy sanoat yarmarkasi o‘tkazilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Prezident administratsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbir doirasida “O‘zbekneftgaz” investitsiya loyihalari hamda korxonalari ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan tovar va xizmatlarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilib, aniq shartnomalar imzolanmoqda.

Shu bilan birga, neft va gaz sanoati hamda ilm-fan sohalari integratsiyasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.

Mazkur yarmarkaning ochilish marosimini “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

– Bugungi kunda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida respublikada mahalliy sanoatni rivojlantirish, kooperatsiyani kengaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni chuqurlashtirish bo‘yicha keng islohotlar olib borilmoqda. Ushbu vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida tarmoqda import mahsulotlarga qaramlikni kamaytirish, mahalliylashtirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda, – dedi Boshqaruv raisi.

Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev o‘z nutqida tarmoqlararo kooperatsiya hisobiga “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan ilgari importdan xarid qilingan bir qator mahsulotlarni o‘zlashtirish hisobiga yillik import 12 mln AQSh dollarigacha qisqartirilganini e'tirof etdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ta'kidlash joizki, avvallari importdan keltirilib, korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlarida foydalanilgan aktivlashtirilgan ko‘mir, silikogel, quvurlar, berkitish-boshqarish klapanlari, oksid-alyuminiy, sulfat-alyuminiy, turli xil filtrlar, yonilg‘i moylash materiallari, xromotograflar, blok boks, o‘lchash asboblari va boshqa mahsulot va uskunalar bugungi kunda mahalliy korxonalardan sotib olinmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJda bir qator xorijiy kompaniyalarda (Gazprom, Lukoyl, Tatnef) muvaffaqiyatli aprobatsiyadan o‘tgan usul, ya'ni yangi mahsulotlarni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari asosida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda (Buxoro NQIZ - 3 ta, Sho‘rtan GKM - 2 ta, Uzkorgazkemikal – 21, Muborak GQIZ – 2 ta va boshqalar) 28 ta yo‘l xaritalari imzolangan. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish natijasida 3,1 mln dollarlik import hajmi qisqartiriladi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Mehriddin Abdullayev amalga oshirilgan ishlar samarasida bugungi kunda mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilgan 30 ga yaqin mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishga tatbiq etilganligiga urg‘u berdi.

– O‘tgan davrda respublika elektron kooperatsiya portali orqali 404,3 mlrd so‘mlik ikki mingdan ortiq shartnoma tuzilib, umumiy xaridlar hajmida mahalliy mahsulotlar ulushi 26 foizgacha yetkazildi, – dedi o‘z nutqida M.Abdullayev. – Bundan tashqari, joriy yilda Navoiy, Termiz, Buxoro va Nukus shaharlarida tashkil etilgan sanoat yarmarkalarida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 124 ta memorandumlar imzolangan edi. Ayni paytga kelib, mazkur memorandumlar doirasida qiymati 30,7 mlrd so‘mlik 43 ta shartnoma imzolanishi ta'minlandi. Ishonchim komilki, mazkur yarmarka iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirish, korxonalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Barchangizga ko‘rgazmada samarali ish olib borish, muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazishni tilayman.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ko‘rgazmada boshqa sohalar qatori 100 dan ziyod xorijiy va mahalliy neft va gaz sanoati korxonalari vakillari, shundan 50 ga yaqini alohida stend bilan, ishtirok etishmoqda.

Ma'lumot uchun: Jumladan, Tatneft, Lukoyl, YeLAZ, KMPO, Xromos injiniring (Rossiya), “Enter Injiniring”, “Eriyell” (Singapur), SIBUR (Ozarboyjon), Si En Pi SI (Xitoy), Uzpromarm, Uzbekximmash, Chilon, AMZ, Maxsusenergogaz (O‘zbekiston) kompaniyalari va boshqalar.

Foto: O‘zbekneftgaz

Mazkur tadbirlar doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlari va tabiiy gazni qazib olish hajmlarini kengaytirish, uni chuqur qayta ishlashni tashkil etishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli strategiya asosida aniq vaziflar belgilab olingan.

Foto: O‘zbekneftgaz
Foto: O‘zbekneftgaz
Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top