19:43 / 13.11.2021
22525

Behzod Musayev avvalgi vazir qo‘llagan barcha intizomiy jazo choralarini bekor qildi

Behzod Musayev 2020 yil oktyabridan buyon ishlab kelgan Abduhakim Hojiboyev o‘rniga sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bir necha kun ilgari sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Behzod Musayevning buyrug‘i bilan avvalgi vazir qo‘llagan intizomiy jazo choralari bekor qilindi. Bu haqda Xabar.uz yozmoqda.

«Shu kungacha sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan qo‘llangan barcha intizomiy jazo choralari muddatidan ilgari olib tashlansin», deyiladi Musayev imzolagan buyruqda.

Behzod Musayev bu lavozimda 2020 yil oktyabridan buyon ishlab kelgan Abduhakim Hojiboyev o‘rnida ish boshlagandi.

Behzod Musayev 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2004 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1995 yilda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida boshlagan. 1998-2002 yillarda Moliya vazirligida ishlagan va bo‘lim boshlig‘i lavozimidan bosh boshqarma boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilgan. 

2002 yilda Hisob palatasiga ishga o‘tgan. 2006-2010 yillarda Hisob palatasi raisi bo‘lgan.

2010 yilda Davlat soliq qo‘mitasidagi faoliyatini boshlagan. Musayev 2020 yilning mayida bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. U 2020 yil yozida, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov betob bo‘lib shifoxonaga yotqizilganda ham bir muddat vazir vazifasini bajarib turgan.

Top