19:57 / 03.12.2021
4943
Bulung‘urda gaz idorasi xodimlari aholining gaz ballonlarini o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida gaz ta'minoti xodimlari tomonidan to‘ldirib berish uchun olib ketilgan gaz ballonlari o‘zlashtirib yuborilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etilgan.

Illyustrativ foto /KUN.UZ

Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Bulung‘ur tumani «Chorbog‘» MFY aholisidan yo‘llandi. Murojaatda yozilishicha, bundan 3 oy avval tuman gaz ta'minoti korxonasi xodimlari tomonidan aholining 190 dona gaz balloni to‘ldirib berish uchun yig‘ib olib ketilgan. Ammo hanuzgacha to‘ldirilgan holda qaytarib berilmagan.

«Biz Bulung‘ur tumani «Chorbog‘» MFY fuqarosimiz. Tuman gaz ta'minoti xodimlari bundan uch oy avval 190ta gaz ballonini to‘ldirib kelish uchun olib ketishgandi. Ammo hanuzgacha olib kelishmadi. Holat yuzasidan tuman gaz ta'minotiga ko‘p marotaba bordik. Ular «gaz ballonlaringni olib ketganlar ishdan bo‘shab ketgan, biz bilmaymiz», deb javob berishyapti», deyiladi murojaatda.

Kun.uz «Bulung‘urtumangaz» gaz ta'minoti filiali aholiga suyultirilgan gaz tarqatish bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Isroilov bilan bog‘lanib, mazkur holat bo‘yicha izoh oldi.

G‘ayrat Isroilov «Chorbog‘» MFYda yashovchi aholi tomonidan yo‘llangan murojaatda keltirilgan vajlar asosli ekanini tasdiqladi.

Uning aytishicha, tuman gaz idorasi xodimlari «Chorbog‘» MFYdan 194 dona gaz ballonini to‘ldirib berishlarini aytib olib ketishgan va qaytarib berishmagan. Ularning xatti-harakatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.

Hozirda gaz ballonlarni olib ketib qaytarmagan xodimlar ishdan bo‘shatilgan.

«Bulung‘urtumangaz» gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i Sherzod O‘ralov esa ayni kunlarda senatorlar va deputatlardan iborat ishchi guruh Bulung‘urda aholining gaz ballonlari o‘zlashtirib yuborilgani yuzasidan o‘rganish olib borayotganini bildirdi. Uning ma'lum qilishicha, o‘rganish davomida yana boshqa mahallalarda ham gaz ta'minoti bo‘limi xodimlari tomonidan gaz ballonlari olib ketilib, qaytarib bermagani holatlari aniqlangan.

Top