Mazkur jinoyatni “hazm” qilish elobodliklar uchun oson bo‘lmagan. Sababi, qishloq odamlari yaxshi tanigan, birovga yordami tegsa tekkan-u, yomonligi tegmagan yigit ayni navqiron yoshida vahshiylarcha o‘ldirilib, atrofda o‘z joniga qasd qilibdi degan tasavvurni uyg‘otish uchun tolga osib ketilgandi.

Tongdagi mudhish xabar

2019 yilning 13 apreli. Ayni yerga urug‘ qadaydigan palla. Bulung‘ur tumanidagi “Hazrat bobo” fermer xo‘jaligi raisi yerni kartoshka ekishga tayyorlash va buning uchun ishchi qizlarni uyidan dalaga olib kelish maqsadida Damas mashinasida yo‘lga chiqadi. Yo‘l xo‘jalik dalalari bo‘ylab o‘tgandi.

Mashina boshqarib borayotgan raisning e’tiborini yo‘ldan fermer xo‘jalik dalasi tomonga kiritib qo‘yilgan boshqa bir Damas mashinasi tortadi. Bu paytda hali quyosh chiqmagan, atrofga g‘ira-shira yorug‘lik ina boshlagandi.

Rais ichki bir xavotir bilan nima gapligini bilish maqsadida mashina rulini o‘sha tomonga buradi. Begona mashina oldiga borib, atrofni ko‘zdan kechiradi. Keyin asta sal narida qator ekilgan tollar tomonga o‘tadi. Shunda uning nigohi tollardan birida bo‘ynidan osilgan holda turgan murdaga tushadi. Rais yaqinroq borib, bu qishloqdoshi Sohibjon Karimov ekanini taniydi.

Nima qilishini bilmay biroz dovdirab qolgan rais mashinasiga o‘tirib, marhumning uyiga yo‘l oladi. Erta tong emasmi, Sohibjon Karimovning yaqinlari hali uyqudan uyg‘onmagandi. Mashinaning ketma-ket signalidan avvaliga Sohibjonning onasi, keyin ukasi va dadasi, turmush o‘rtog‘i uydan chiqib keladi.

— Mashinaga o‘tiringlar, sizlarni bir joyga olib bormasam bo‘lmaydi, — deydi ko‘rganlarini birdan aytib berish noqulay bo‘lgan fermer xo‘jalik raisi.

Shu tariqa u Sohibjonning yaqinlarini mashinaga mindirib, voqea joyiga olib boradi. Marhumning ona, dadasi va turmush o‘rtog‘i dalada turgan Damas’ni tanib, o‘sha tomonga yuradi. Ukasi esa akajon deb baqirgancha tollar tomonga yuguradi.

Shubhali o‘lim

Bo‘ynidan tolga osig‘liq turgan marhumni yechib olib, uyga keltirishadi. Voqeadan qo‘ni-qo‘shnilar, qishloq ahli xabar topadi. Hammaning tilida bir gap aylana boshlaydi: “Sohibjon o‘z joniga qasd qilibdi”.

Janoza vaqti belgilanadi. Bu orada IIB xodimlari keladi, sud tibbiy ekspertiza tayinlanib, marhumning murdasi olib ketiladi.

Hamma yigit o‘z joniga qasd qilganini aytar, biroq negadir o‘lim shubhali edi. Bu ekspertizada ham o‘z tasdig‘ini topadi.