10:38 / 05.12.2021
12600

Kiyev Yevropani Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlaridan ogohlantirdi

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov G‘arb davlatlarini Rossiyani Ukrainaga “bostirib kirish fikri”dan qaytarishga chaqirdi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush yuz bergudek bo‘lsa, bu Yevropada inqirozga sabab bo‘lishi, u yerga 3-5 mln ukrainalik qochqin “yopirilishi”dan ogohlantirdi.    

Foto: Sergey Volskiy/AFP via Getty Images

“Ukrainadagi katta urush butun Yevropani inqirozga giriftor qiladi. Bu vaziyatda Rossiya bosqinidan najot topish maqsadida 3-5 mln qochqinning to‘satdan paydo bo‘lishi Yevropa jamiyati to‘qnash keladigan yirik muammolardan birigina bo‘ladi”, deb yozgan Reznikov Atlantic Council tahliliy markazi uchun maqolada. Uning fikricha, o‘rtada butun Yevropa taqdiri turibdi.

Vazir ixtilof oqibatida paydo bo‘ladigan muammolar qatorida Yevropaga Rossiya va Ukrainadan tovarlar, jumladan g‘alla yetkazilishi to‘xtashini ham misol qilib ko‘rsatgan. Reznikovning fikricha, bu butun Yevropa uchun oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi muammolarga olib keladi. Bundan tashqari, Rossiyaning hujumi “global beqarorlik”dagi yangi davrni ochadi.

Ukraina mudofaa vaziri Rossiya yadro qurolidagi ustunlikdan tashqari, harbiy aviatsiya, raketa tizimlari va harbiy-dengiz kuchlari borasida Ukrainadan ustun ekanini ta’kidlab o‘tgan. “Ukraina uchun insoniy yo‘qotishlar falokatli darajada bo‘ladi. Rossiya ham katta yo‘qotishlarga uchraydi”, deb qo‘shimcha qilgan vazir. Uning ta’kidlashicha, “Ukrainadagi frontdan Rossiyaga qaytuvchi tobutlar”ni “Kreml senzurasi” ham to‘xtata olmaydi.

Reznikov ayni vaqtda ixtilofning oldini olish mumkinligini aytgan. Uning fikricha, buning uchun Moskvaga “Ukrainaga hujum uchun haq juda yuqori” bo‘lishini uqtirish lozim.   

Joriy haftada AQSh va Yevropadagi bir nechta nashr Rossiya 2022 yil boshida Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligini ma’lum qilgan. OAVning ta’kidlashicha, Rossiya bu maqsadda 175 ming harbiyni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Rossiya tashqi ishlar vazirligida bunday maqolalar “Rossiyaga javobgarlikni yuklash bilan Ukraina atrofidagi vaziyatni keskinlashtirish” deb atalgan. Kremlning ta’kidlashicha, “bu jazava sun’iy tarzda avj oldirilmoqda”.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top