20:00 / 07.12.2021
6711
Veterinariya va chorvachilik tarmog‘ida 1300 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov Fidi Rajaonson rahbarligidagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Uchrashuvda Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi tomonidan 2022-2024 yillar davomida yurtimizga ajratilayotgan 37,79 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larning chorvachilik va veterinariya sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilishi taklif etilib, bu borada Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar xususida axborot berildi.

Shuningdek, “O‘zbekistonning sutchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish” loyihasi doirasida sutni qayta ishlovchi korxonalarni rivojlantirish hamda sut yig‘ish markazlarini tashkil etish maqsadida jamg‘armaning to‘g‘ridan to‘g‘ri 5 mln AQSh dollarigacha mablag‘ ajratish taklifi ma'qullandi.

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Bundan tashqari, yurtimizda chorvachilik va veterinariya sohasini yanada rivojlantirish maqsadida qiymati 80 mln AQSh dollariga teng “Chorvachilik qiymat zanjirini ishlab chiqish va sifat nazorati” loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish taklif etildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi qaroriga muvofiq Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi ishtirokidagi “O‘zbekistonning sutchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish” loyihasi Qishloq xo‘jaligi vazirligidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘tkazilgan edi.

Loyihani samarali amalga oshirish uchun qo‘mita huzurida alohida yuridik shaxs maqomidagi Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etildi.

Ayni paytda “O‘zbekistonning sutchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish” loyihasi doirasida 17,9 mln AQSh dollari yoki Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi qarz mablag‘larining 75 foizi o‘zlashtirildi.

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Natijada 418 ta loyihaga kredit taqsimlandi. Jumladan, 229 loyiha dehqon xo‘jaliklariga, 143 loyiha fermer xo‘jaliklariga, 22 loyiha sutni qayta ishlovchi korxonalarga va 24 loyiha xususiy veterinarlar va ozuqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratildi. Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi natijasida veterinariya va chorvachilik tarmog‘ida 1300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Ta'kidlab o‘tamiz, loyihaning barcha qoldiq mablag‘lari 2022 yil yakuniga qadar to‘liq o‘zlashtirilishi kutilmoqda.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati Ⓣ

Top