O‘zbekiston | 13:48 / 10.12.2025
2324
2 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht va sut ishlab chiqarishni oshirish uchun 300 ming bosh chorva olib kelinadi

O‘zbekistonda go‘sht va sut mahsulotlari hajmini ko‘paytirish maqsadida kelgusi yilda 300 ming bosh qoramol va qo‘y-echki olib kelish, shuningdek, chorvachilikka qaratilgan loyihalarni keng qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lumki, yaqin yillarda aholi soni o‘sishi va ichki iste’mol talabi ortishi fonida go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj oshib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, kelgusi yilda chet eldan 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki olib kiriladi. Paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarga esa o‘z yerlarida chorvachilikni yo‘lga qo‘yish uchun 20 sotixgacha maydonda yengil konstruksiyali binolar qurishga ruxsat beriladi.

Import qilingan nasldor qoramol va bir kunlik jo‘ja uchun subsidiya ajratish tartibi yana 5 yilga uzaytiriladi. Chorvachilik loyihalari uchun kelgusi yil Jahon banki va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi resurslari hisobidan 157 million dollar yo‘naltirilishi belgilangan. Ushbu mablag‘lar chorvadorlarga 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan, 17 foizli stavkada beriladi.

Bundan tashqari, JICA'dan 150 million dollar va Osiyo taraqqiyot bankidan 60 million dollar jalb etiladi. Bu resurslardan samarali foydalanish orqali kelgusi yilda 5 trillion so‘mlik 1 mingta chorvachilik loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Fransiya tajribasi asosida mamlakatning 167 ta tumanida 50–60 boshli 340 ta kichik go‘sht va sut yo‘nalishidagi chorvachilik xo‘jaliklarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar ichki bozorni sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, shu orqali aholi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid