09:40 / 13.12.2021
4706

AQShda koronavirus qurbonlari soni 800 mingdan oshdi

AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni 800 mingdan oshdi va oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra 817 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Foto: Reuters

Ta’kidlanishicha, qurbonlar soni Shimoliy Dakota shtati aholisidan ko‘proqni tashkil qiladi.  

2021 yilda AQShda 2020 yilgiga nisbatan ko‘proq odam koronavirusdan vafot etgan. Bu ko‘rsatkich 450 mingdan ortiq bo‘lib, AQShda pandemiya boshidan beri koronavirusdan barcha o‘lim holatlarining 57 foizini tashkil qiladi. 

Bunday ko‘p o‘limlar AQShda uzoq vaqt ustunlik qilgan “delta” shtammi bilan bog‘langan.

“O‘lim darajasi yuqoriligining ikkinchi sababi ko‘plab amerikaliklarning emlanishdan bosh tortayotgani hisoblanadi. Joriy yilda koronavirusdan asosan emlanmaganlar vafot etgan”, deb aytilgan xabarda.

Reuters tahliliga ko‘ra, AQShda virusdan o‘limlar soni 111 kunda 600 mingdan 700 minggacha oshgan, keyingi 100 ming o‘lim esa 73 kunda yuz bergan.

Agentlikning ta’kidlashicha, AQShda virusdan o‘lim darajasi qo‘shni Kanadaga qaraganda 3 marta, Yaponiyaga nisbatan 11 marta ko‘proq.

“Dunyo aholisining 4 foizi yashaydigan davlatga koronavirusdan barcha o‘limlarning 14 foizi to‘g‘ri kelmoqda”, deb ta’kidlab o‘tilgan Reuters’da.

Koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Braziliya (616 ming) va Hindiston (475 ming) egallamoqda.

Ayni vaqtda butun dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 243 mlndan, o‘limlar soni esa 5,321 mlndan oshib ketdi.

Top