Sergeli tumanidagi «Do‘stlik-1» dahasida yo‘lovchi avtobusda yong‘in chiqdi. Jabrlanganlar yo‘q.
14 dekabr kuni kunduzi Toshkent shahri Sergeli tumanidagi «Do‘stlik-1» dahasida 47-yo‘nalish bo‘yicha harakatlangan Mercedes-Benz rusumli yo‘lovchi avtobus yonib ketdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.
«14 dekabr kuni soat 15:21da Toshkent shahar Sergeli tumani «Do‘stlik-1» dahasida 47-yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan Mercedes rusumli avtobusda yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida tuman FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 15:25 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 15:34 da o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida avtobusning orqa salon qismi yonib, zararlangan.
Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q», deyiladi xabarda.
Hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.