20:09 / 15.12.2021
11310

Lyuis Hemiltonga ritsarlik unvoni berildi

Britaniya shahzodasi Charlz “Formula-1” poygachisi, 7 karra jahon chempioni Lyuis Hemiltonga ritsarlik unvonini berdi. Poygachini ritsarlikka qabul qilish marosimi Vindzor saroyida bo‘lib o‘tgan.

Foto: twitter.com/The Royal Family

36 yoshli Hemilton “Formula-1”ning ritsar unvonini olgan to‘rtinchi poygachisiga aylandi. Bungacha poygachilardan Jyeki Styuart, Stirling Moss, Jyek Brebxem hamda Williams poyga jamoasi asoschilari Patrik Xed va Frenk Uilyams ushbu unvonga sazovor bo‘lgan.

Endilikda murojaat qilinganda “ser Lyuis” deb ataladigan poygachi Vindzor saroyiga onasi Karmen Lokxart bilan birga kelgan. U bunday yuksak unvon bilan taqdirlanishiga qisqagina qilib “Rahmat” deb javob bergan.

Poygachi avtosport rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Britaniya imperiyasining ritsar unvonini olishi haqida 2020 yil dekabrida ma’lum bo‘lgandi. Hemilton o‘tgan yil “Formula-1”da yettinchi chempionlikni rasmiylashtirib, bu borada afsonaviy nemis poygachisi Mixael Shumaxerning rekordini takrorlay olgach, bunday yuksak sharafga loyiq topilgandi. Biroq joriy mavsumda britaniyalik poygalarning Abu-Dabida o‘tgan oxirgi bosqichida navbatdagi chempionlikni qo‘ldan chiqardi va “Shumi”ning rekordidan o‘tib keta olmadi. Ushbu mavsumda chempionlik Red Bull a’zosi Maks Ferstappenga nasib qildi.

Hemilton “Formula-1”dagi faoliyatini 2007 yilda McLaren jamoasida boshlagan. U bir yil o‘tib birinchi chempionlikni qo‘lga kiritgan. 2013 yildan boshlab britaniyalik poygachi Mercedes jamoasi uchun ishtirok etadi va u bilan birga yana 6ta chempionlik unvoniga (2014-2015 va 2017-2020 yillar) sazovor bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top