23:01 / 26.12.2021
10679
Husiylar Saudiya Arabistoniga 400dan ko‘proq ballistik raketa uchirgani ma’lum qilindi   
Foto: Anadolu Agency

Yamanning “Ansor Alloh” isyonchi harakati tarafdorlari – husiylar Saudiya Arabistoni hududiga 400dan ko‘proq ballistik raketa uchirgan. Bunday ma’lumotlarni husiylarga qarshi kurash olib borayotgan Saudiya Arabistoni boshchiligidagi xalqaro koalitsiya rasmiy vakili polkovnik Turki al-Malikiy ma’lum qildi.

“Husiylar podshohlik hududiga 430ta ballistik raketa uchirgan”, deb keltirgan al-Malikiy so‘zlarini Al-Hadath telekanali. Biroq polkovnik raketalar qaysi muddatda uchirilganiga aniqlik kiritmagan. Uning ta’kidlashicha, husiylar Saudiya Arabistoniga havodan hujum qilish vaqtida 850dan ko‘proq uchuvchisiz parvoz qurilmasi qo‘llagan. Ular raketalar va minalashtirilgan dronlarni uchirish uchun Yamanda o‘z nazoratlarida bo‘lgan Sano xalqaro aeroportidan foydalanishadi.

Bundan tashqari, husiylar Qizil dengizda 100taga yaqin minalashtirilgan katerni koalitsiya kuchlariga qarshi qo‘llagan. “Ularning barchasi koalitsiya kuchlari tomonidan yo‘q qilingan”, deb ta’kidlab o‘tgan al-Malikiy.

U husiylarning Saudiya Arabistoni hududini bombardimon qilishi oqibatida 59 nafar tinch fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, koalitsiyaning husiylar pozitsiyalariga bergan zarbalari natijasida joriy yil boshidan beri 30 mingdan ko‘proq husiy o‘ldirilgan.

“Koalitsiyada husiylarning xatti-harakatlarini Livanning “Hizbulloh” guruhi nazorat qilishining isbotlari mavjud”, deb aytgan al-Malikiy va Saudiya Arabistoni hamda Yamanda tinch aholiga hujumlar ortida aynan shu harakat turganini qo‘shimcha qilgan.

Yamanda 2014 yil avgustdan beri hukumat kuchlari va husiylar o‘rtasida qarama-qarshilik davom etib kelmoqda. Ushbu ixtilofda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlab keladi.

Top