17:54 / 28.12.2021
9525

Qozog‘istonda avtobusda YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarolari Toshkentga olib kelindi – Tashqi ishlar vazirligi

Foto: Zakon.kz

Qozog‘istonda bo‘lgan YTHda jabrlangan va halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan. Bu haqda O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga tayanib, Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bayonot berdi.

«O‘zbekiston Respublikasining Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi 2021 yil 27 dekabr kuni Olmaota–Bishkek (Olmaota viloyati, Qozog‘iston Respublikasi) avtoyo‘lida 33 kishi, shu jumladan, mamlakatimiz fuqarolarini olib ketayotgan avtobus ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi haqida ommaviy axborot vositalarida tarqalgan axborotni tasdiqladi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlangan va halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan», – deyiladi TIV bayonotida.

Shuningdek, voqea joyiga avtobus tashkil etilib, O‘zbekiston fuqarolari Olmaota–Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab mamlakatga qaytarib olib kelingan.

Eslatib o‘tamiz, bugun 28 dekabr kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatida o‘zbekistonliklar bilan to‘la avtobus Mercedes-Benz E-Class rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, yengil mashina ustiga ag‘darilgani xabar berilgan edi.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, hodisa Olmaota–Bishkek avtomobil yo‘lining 105-kilometrida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan va yana uch kishi shifoxonaga yotqizilgan. Baxsiz hodisaga yo‘llar muz bilan qoplangani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Top