08:20 / 31.12.2021
4168
SSV: Bemor bolalarga prezident sovg‘alari topshirildi 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yotqizilgan, haftalab, oylab turli xastaliklarga qarshi muolaja olayotgan bolalarga prezident sovg‘alari topshirilgani haqida xabar berdi.

«Mamlakatimiz rahbari yangi yil arafasida ana shunday bemor bolalarga quvonch ulashishni ham e’tibordan chetda qoldirmadi. Bugun O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi A.Abduvohidov hamda Sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev yurtboshimiz topshirig‘i asosida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolajonlar huzuriga bordi.

Esingizda bo‘lsa, joriy yilning 14 may kuni davlatimiz rahbari ushbu muassasaga tashrif buyurib, bu yerda davolanayotgan bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, ya’ni 27 may kuni prezidentimizning «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bundan tashqari, mamlakatimiz rahbari tashrifidan so‘ng Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yangidan qurilgan zamonaviy binolarga joylashtirildi.

Yangi majmualardan kattalar va bolalar uchun alohida qabul hamda davolash bo‘limlari o‘rin olgan. Mavjud palatalar bir va ikki kishilik bo‘lib, sanitariya xonalari ichida joylashgan. Bu esa turli infeksiyalarga chalingan bemorlar muloqotini cheklash imkonini beradi. Shuningdek, bu yerda xastalikka chalingan bolalarning zarur dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlanganligi ota-onalarning cheksiz quvonchiga sabab bo‘lmoqda. 

Jonlantirish bo‘limi sun’iy nafas olish, kardiomonitorlar, infuzomatlar, ultra to‘lqin apparatlari kabi qator ilg‘or tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda onkogematologik kasalliklarga yuqori texnologiyalar va ilg‘or usullar yordamida tashxis qo‘yilmoqda.

Qolaversa, muassasada Rossiyaning D.Rogachev nomidagi markazi tajribasi asosida ilgari tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan jarrohlik, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantologiya, radio diagnostika, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash bo‘limlari hamda bolalar uchun ta’lim olish markazlari tashkil etildi.

Bunday yangilanishlar natijasida muassasada yuqori dozali va intensiv poliximioterapiya davo usuli amaliyotga tatbiq etildi. Qolaversa, o‘tkir limfoblast leykozlarni yangi ishlanmalar yordamida muolaja qilish yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali bunday xastalikka chalingan bemorlarning to‘liq sog‘ayish darajasi 85 foizgacha ko‘tarilmoqda.

Hozir muassasada davolanayotgan bemorlardan 177 nafarini bolalar tashkil etadi.

Markazga tashrif buyurgan mas’ullar bu yerda muolaja olayotgan o‘g‘il-qizlar bilan suhbatlashib, ularning ahvoli, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng kichkintoylarni bayram bilan tabriklab, har biriga Yangi yil sovg‘alarini topshirdi», deyiladi vazirlik xabarida.

Top