17:00 / 05.01.2022
5966

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari tomonidan Ustyurt regionidagi geologiya-qidiruv ishlari holati o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 18 noyabrdagi 4522-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 265-sonli qarorlariga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlari dasturi doirasida istiqbolli maydonlar, konlarda burg‘ilash hamda sinov ishlari olib borilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Ustyurt regionida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish hamda tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirish maqsadida ushbu hududdagi konlar, istiqbolli maydonlarda olib borilayotgan tadbirlarning ijro holatini o‘rgandi.

Jumladan, Boshqaruv raisi tomonidan 2022 yilning 3-5 yanvar kunlari Ustyurt regionida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Tadbir davomida dastlab 2021 yilda amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlarining bugungi holati va ulardan olingan natijalar batafsil muhokama qilindi.

Qurilish bilan tugatilgan 8 ta quduqlardan olingan natijalar birma-bir ko‘rib chiqildi. Region bo‘yicha belgilangan 10 mlrd metr kubdan ortiq tabiiy gaz va 300 ming tonna suyuq uglevodorod zaxiralarini o‘stirish rejalari ortig‘i bilan bajarilganligi alohida qayd etildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bunday ijobiy natijaga erishish uchun, 2021 yilda burg‘ilangan “Quyi Sharqiy Berdax” konidagi 1-, 2- va 3-, “Aralik” konidagi 2-, “G‘arbiy Quyi Surgil” konidagi 1-, “Shagirlik” konidagi 1-terrigen yura hamda “Quyi Surgil” konidagi 5- va 6-sonli quduqlarni burg‘ilash va mahsuldorlikka sinash ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilib, ularning har biridan 50 ming kub metrdan 1,3 mln kub metrgacha bo‘lgan tabiiy gaz oqimi olinganligiga alohida e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, 2021 yilning 15 dekabr sanasida “Quyi Surgil” konidagi 6-sonli qidiruv qudug‘ini loyihaviy 4500 metr chuqurlikkacha burg‘ilab uni 4500-4172 metr oraliqlarda filtr orqali sinash ishlari natijasida quyi yura davri qatlamlaridan kunlik 1,3 mln kub metrdan ortiq sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimlarini olishga erishildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

“Quyi Surgil” konining ostki chuqur qismida tabiiy gaz zaxiralariga ega bo‘lgan yangi qatlamlarning aniqlanishi “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari uchun geologiya-qidiruv, konlarni o‘zlashtirish borasidagi yangi yo‘nalishlarni ochib berishi bilan bir qatorda, Ustyurt regioni bo‘yicha tabiiy gaz, gaz kondensati zaxiralarini o‘stirishga qaratilgan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatib berdi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan 2022 yilda Ustyurt regionida jamiyat tomonidan amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan yangi tadbirlar ham ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

2022 yilda Ustyurt regionida 6 ta yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish, 20 dan ortiq quduqlarda 100 ming metr atrofida burg‘ilash ishlarini bajarish, bu orqali 2022 yil davomida jami 12 mlrd kub metrdan ortiq tabiiy gaz hamda 320 ming tonnadan ortiq suyuq uglevodorod – jami 15 mln tonna shartli yoqilg‘i miqdoridagi zaxiralarni ko‘paytirish maqsad qilingan.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tayyorgarlik ishlarining holati, ushbu jarayonlarning tegishli material texnik resurslar bilan ta’minlanganlik darajasi joyida o‘rganilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Yuqoridagi vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ geologiya-qidiruv ishlarining kelgusi yil uchun “Maxsus dasturi” ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan Ustyurt regionidagi 4000-4500 metr chuqurlikkacha amalga oshirilgan burg‘ilash ishlarini endilikda yer qa’rining chuqurroq qatlamlarini o‘zlashtirishga qaratish mo‘ljallanmoqda.

Ustyurt regionida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish hajmlarini ham 2021 yilga nisbatan ikki barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu o‘rinda, geologik-texnik chora-tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish borasida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqarmalari, departament boshliqlari va boshqa mas’ul mutaxassislarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Top