16:20 / 08.01.2022
9014
Xorazmda «Cobalt» poyezd bilan to‘qnashdi

Xorazm viloyati, Xonqa tumani hududidan o‘tgan temir yo‘l kesishmasida «Cobalt» rusumli avtomobil va teplovoz to‘qnashdi. Haydovchi shifoxonaga yotqizildi. 

Foto: railway.uz

7 yanvar kuni soat 18:18 da Xonqa tumani, Yosh kuch mahallasi hududidan o‘tgan temir yo‘lda yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.

Shu tumanning Qirqyop qishlog‘i, «Obod» mahallasida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro N.X. «Cobalt» rusumli avtomobilida qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida to‘xtash belgisiga amal qilmasdan harakatlangan va «Xiva-Urganch-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashgan. Oqibatda avtomobil ag‘darilib ketgan, haydovchi esa tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, to‘qnashuv oqibatida shikast yetgan teplovozga qariyb 1 soat davomida texnik xizmat ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng poyezd yo‘lini davom ettirgan.

Holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda.

Top