20:05 / 24.01.2022
366672

“Savdogarlar ustozi”dan 15ta tavsiya

“Haqiqiy omad kaliti yoxud savdogarlar ustozi” nomli kitob Imomi A’zamning shogirdi, 8-asrda yashab o‘tgan faqih olim va savdogar Abdulloh ibn Muborakning hayoti haqida hikoya qiladi. “Tezelon” platformasi asoschisi Abbos Rizqiyev shu kitobni o‘qishdan olgan 15ta xulosasi bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Getty Images

1. Odamning muhtojligidan foydalanib, sotayotgan narsasini past bahoda sotib olmang. Asl bahosida sotib olishda baraka bor.

2. Sarmoya cho‘ntakda bo‘lmaydi, agar aqlingizni ishlatsangiz va harakatdan to‘xtamasangiz, sarmoya sizni uzoq kuttirmaydi.

3. Haqgo‘y sherik omadning yarmi demakdir! Sherik tanlashda adashmang, halollik ustiga qurilgan sherikchilikda uchinchi sherigingiz Allohning o‘zi bo‘ladi!

4. Ishlarni deb zikrni unutmang. Zikrlar esa ishlarga xalaqit bermasin.

5. Yaxshilikdan haddan ortiq suyunish, yomonlikdan haddan ortiq kuyunish mo‘minning sifati emas. Allohga tavakkal qiling.

6. Dangasalik – illat! Omad – omadsizlar qilishni xohlamagan ishni qilishingizda. Shijoatli bo‘ling!

7. Xodimlarni ishga qabul qilishda sekin, sinab-sinab qabul qiling, ishdan bo‘shatishda tez va uzil-kesil bo‘shating!

8. Saxiylik – boylik garovi. Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan balanddir! Birni berganga Alloh o‘nni beradi.

9. Mijozning hurmati baland. Uning talablari ustun ekanini unutmang.

10. Halol savdo bu – ilm! Uni yaxshilab o‘rganish va o‘zlashtirish kerak.

11. Kuchli musulmon kuchsiz musulmondan yaxshiroqdir! Jismonan baquvvat, boy, aqli raso musulmon tadbirsiz, kuchsiz va zaif musulmondan afzaldir.

12. Rejasiz va maqsadsiz ishning natijasi ham foydasiz bo‘ladi. Maqsadsiz odam, qaysi tomga chiqishini hal qilmay turib qo‘liga narvon ko‘tarib olgan odamga o‘xshaydi.

13. Solih, aqlli va muvaffaqiyatli odamlar davrasida bo‘lish – ulardek bo‘lishning eng oson yo‘lidir. Siz – atrofingizdagi odamlarning o‘rtacha qiymatiga ega odamsiz, kimlar bilan yaqin bo‘lsangiz, tez kunda o‘shalarning biriga aylanasiz.

14. Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmang. (Oyat ma’nosi)

15. Aqlli insonlar doim izlanishda va o‘rganishda bo‘lishadi. Nodonlar esa shundoq ham hamma narsani bilishadi! Tolibi ilmga hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytishadi. O‘rganishdan va o‘zgarishdan aslo to‘xtamang!

Abbos Rizqiyev

Ushbu material Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Top